Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda oila va gender tengligining ahamiyati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-iyuldagi “Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi 2-bandida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha III global forumni Konferensiya doirasida Samarqand shahrida o‘tkazish, shuningdek, 2026-yil avgust oyida “Barqaror rivojlanish oyligi”ni tashkil etish va o‘tkazish belgilangan.
Mazkur oylik doirasida poytaxtimizda “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan barqaror rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatining asosiy maqsadi barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda oila institutini mustahkamlash, gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar hamda amaliy ishlar natijalarini muhokama qilish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va ustuvor vazifalar yuzasidan takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Tadbirda ta’kidlanganidek, BMTning 2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari kambag‘allikka barham berish, salomatlik va farovonlikni ta’minlash, sifatli ta’lim, gender tenglik, munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish kabi 17 ta global maqsadni qamrab oladi.
Yurtimizda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida mazkur maqsadlarning barchasi qamrab olingan bo‘lib, ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
[gallery-30874]
Davra suhbatida asosiy e’tibor xalqaro gender indekslarida O‘zbekistonning o‘rni, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar va ularning natijalarini tahlil qilish, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan kiberzo‘ravonlikning oldini olishning ijtimoiy-huquqiy jihatlari, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan amaliy mexanizmlarni takomillashtirish masalalariga qaratildi.
Tadbir davomida “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan amalga oshirilgan ilmiy loyihalar, ularning natijalari hamda mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Davra suhbati yakunida barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda oila institutini mustahkamlash, gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish hamda bolalar va xotin-qizlarni turli shakldagi zo‘ravonlikdan himoya qilish borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
N.Usmonova,
F.Abdurasulov (surat),
O‘zA