“Barlos”lik momolar “surpa soldi”
Navro‘z – 2022
Turkiston tog‘ tizmalariga kiruvchi Oyqor tog‘i bo‘ylab yastanib yotgan Baxmal – Jizzax viloyatining bir necha asrlik tarixga ega tumanlaridan.
Baxmal o‘ziga xos udum va an’analari, xalq folklori, ijro san’ati, necha ming yillardan buyon avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan, mazasi, tayyorlash uslubini yo‘qotmagan milliy taomlari, tabiatining go‘zalligi-yu, bog‘lari, soddadil, mehmondo‘st, g‘ururi tog‘laridek ulug‘vor, tanti xalqi, shoir-yozuvchi, san’atkorlari bilan tanilgan qadimiy hududdir.
Bu safargi Baxmalga xizmat safarimizda ham folklorshunos olim Rahmatilla Sarimsoqov bizga hamrohlik qildi.
– Baxmalning har bir qishlog‘ida folklor etnografik ansambllarini tuzish mumkin, chunki bu yerda bir necha asrlardan buyon tub aholi qadimiy lapar-qo‘shiqlarimiz, an’ana-yu urf-odatlarimiz, milliy udumlar, taomlarimizni yosh avlodga o‘rgatib, davomiyligi, umrboqiyligini saqlab kelayotir, – deydi Rahmatilla Sarimsoqov. – Baxmalning “Barlos” folklor etnografik xalq ansambliga hech qanday mashg‘ulotning keragi yo‘q. Ular jonli ijroni maromiga keltiradi.
Turkiy xalqlarning eng qadimiy urug‘lari birining nomi bilan ataluvchi “Barlos” qishlog‘i Turkiston tog‘ tizmalarining qir-adirliklarida joylashgan. U tuman markazidan 25-30 kilometr olisda joylashgan.
Shu qishloq nomi bilan ataluvchi “Barlos” ansamblining badiiy rahbari Barchin Do‘limboyevadir.
– Ansamblimiz sobiq ittifoq davrida ham bo‘lgan, – dedi Barchinoy Do‘limboyeva. – Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng, 1993 yilda, birinchi marta tuman markazi O‘smat shaharchasida o‘tkazilgan Navro‘z saylida xalq termalarini ijro etib bergandik. O‘shanda ansamblimizning nomi ham yo‘q edi.
Ansambl Jizzax shahrida o‘tkazilgan “Bahor taronalari” ko‘rik-tanlovida, Navoiy shahrida o‘tgan “Nurli navolar” butun jahon festivalida, Termizda o‘tgan “Butun dunyo baxshichilik festivali”da ishtirok etib, folklor etnografik xalq ansambli nomini olgan.
[gallery-5975]
Ansambl ijrosida nafaqat xalq termalari, lapar va qo‘shiqlari balki, qadimiy milliy udumlar ham ijro etib kelinmoqda.
bugungi kungacha ham kelin kelganida har bir xonadonda “Kampir o‘ldi”, kelin bo‘lib chiqadigan uyda “Kuyovga to‘n bichar”, “Poyondoz solar” kabi qadimiy udumlarni qishloqda “Barlos” ansambli o‘tkazib kelar ekan.
Bundan tashqari, “Tushov kesdi”, “Cho‘chima bola”, “Surpa soldi” kabi udumlar ham momolaridan me’ros sifatida “Barlos”liklar ijrosida sayqallanib, to‘ldirilib, avloddan-avlodga yetkazib kelinmoqda.
Ansambl a’zolari “Surpa solar” udumini namoyish etib berdi.
Surpa – inson tandirda non yopishni o‘rgangandan buyon yaratilgan uy-ro‘zg‘or buyumi bo‘lsa ajab emas. Surpani tayyorlovchi maxsus surpachi momolar bo‘lib, bu ish bilan ular shug‘ullanadi. Qiz uzatilgach “Surpa solar” udumi o‘tkaziladi. “Surpachi momo” qo‘shig‘i ijro etiladi.
“Barlos” folklor etnografik xalq ansambli ushbu udumga biroz sayqal bergan. Ular xalqimizning qadimiy urf-odat, marosim, udumlar, qo‘shiq, lapar, termalar va raqslarini, qolaversa, juda qadimiy taomlarini bugungi kungacha saqlab kelishda xizmat qilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA