Barkamol yoshlar – ertamiz egalari
Toshkent viloyati Qibray tumanidagi 26-umumta’lim maktabida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida «Ma’naviy barkamol yoshlar kelajagimiz poydevori, ertangi kunimiz egalari» shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Maktabda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun «O‘ymakorlik», «Bichish-tikish», «To‘qishni o‘rganamiz», «Yosh ixtirochilar», «Chet tilini o‘rganamiz», «Boks» hamda raqs va sozandalik to‘garagi yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbirda o‘quvchilar 5 ta muhim tashabbusning birinchi yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shiq, musiqa va raqslari bilan ishtirok etdi. Maktab hovlisida rassomchilik va hunarmandchilik to‘garagi ishtirokchilari o‘zlari yasagan buyumlar ko‘rgazmasini tashkil etdi.
– 2020-2021 o‘quv yili mobaynida ta’lim muassasamizda 757 o‘quvchi tahsil oldi, – deydi maktab direktori Dona Saydazimova. – Ularning 640 nafari fan, 282 nafari esa sport to‘garaklariga jalb qilingan bo‘lib, muntazam o‘quv va sport mashg‘ulotlari olib borilmoqda. Mazkur fan va sport to‘garaklari ishtirokchilari ko‘plab faxrli yutuqlarni qo‘lga kirib kelayotganligi bizlarni yanada faol ishlashga undaydi. Xususan, sport to‘garagi qatnashchilari — Nozima Ergasheva va Abdulhamid Ergashev suv sporti bo‘yicha Toshkent shahri miqyosida o‘tkazilgan musobaqada Respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Tadbir doirasida tuman hokimligi tomonidan maktabga bir necha turdagi sport anjomlari sovg‘a qilindi.
O‘zA