“Barkamol avlod-2021”ning ilk g‘oliblari ma’lum
“Barkamol avlod-2021” sport musobaqalari respublika final bosqichining dzyudo bo‘yicha ilk musobaqasi o‘z yakuniga yetdi.
Nukus shahri mezbonlik qilgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri akademik litsey va professional ta’lim muassasalarining 250 nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlari ishtirok etishdi.

Katta sport bayramiga aylanib ketgan musobaqalarda sportchi-yoshlar 18 ta vazn toifasida chempion nomiga erishish uchun kurashishdi. Musobaqa yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida qoraqalpog‘istonlik yoshlar birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Ikkinchi o‘ringa xorazmlik yoshlar loyiq ko‘rilgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin samarqandliklarga nasib etdi.

– Mamlakatimizda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Barkamol avlod” sport o‘yinlari yoshlarning iste’dodini namoyon etishda katta maktab bo‘lib kelmoqda. Bundan tashqari, mazkur o‘yinlar orqali ming-minglab yoshlar sport mashg‘uloti bilan qamrab olinmoqda. Aytish lozimki, hozirgi kunda ushbu o‘yinlarning dasturi ishlab chiqildi. 2021-2022 o‘quv yili davomida mamlakatimizdagi akademik litsey va professional ta’lim muassasalari talabalari orasida 12 ta sport turi bo‘yicha bahslar o‘tkaziladi. Nukusdagi dzyudo bellashuvlari o‘yinlarning dastlabkisi bo‘ldi, – dedi musobaqalar jarayonida ishtirok etgan O‘zbekiston “Talaba” sport assotsiatsiyasi raisi Erkin Qodirov.

“Barkamol avlod-2021” dasturidan o‘rin olgan yengil atletika bo‘yicha respublika final bosqichi 10-14 dekabr kunlari Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA