Barcha islohotlar aholi manfaatiga xizmat qiladi
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani “Qoraqulonchi” mahalla fuqarolar yig‘ini yangi binoda ish boshladi.
Mahalla idorasi shu kunga qadar o‘zining muqim binosiga ega bo‘lmagan. O‘tgan yillar davomida mahallaga ishi tushgan aholi o‘nlab chaqirim yo‘l bosib, manzili tez-tez o‘zgargan mahalla idorasini izlab, sarson bo‘lgan. Tuman markazidan 30-32 kilometr uzoqlikda joylashgan mahallada ayni paytda 612 ta xonadon, 3 ming 140 nafar aholi yashaydi. Mahalla yangi binosining ochilish marosimi katta bayramga aylandi. Mazkur bino viloyat mahalliy byudjetidan ajratilgan 150 million so‘m mablag‘ asosida bunyod etildi.

–Joriy yilning o‘zida Qorako‘lda 8 ta mahalla fuqarolar yig‘ini binosi yangidan qurib foydalanishga topshirildi, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Sadriddin Rahimov. – Shuningdek, 4 ta mahalla binolari qurilishi davom etmoqda. Har bir mahalla binosini bunyod etishda viloyat mahalliy byudjetidan 150 million so‘mdan mablag‘ ajratilgan.
Ochilish marosimida ishtiroki etgan sektor rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, mahalla aholisi yangi binoda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Zamonaviy qiyofa kasb etgan mahalla binosidagi sharoitlar mehmonlarga manzur bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA