Bankirlar kitobxonlikda bellashdi
Ha, bank xodimlari deyilganda iqtisodchilar, doim hisob-kitob bilan mashgʻul insonlar koʻz oldimizga keladi.
Ha, bank xodimlari deyilganda iqtisodchilar, doim hisob-kitob bilan mashgʻul insonlar koʻz oldimizga keladi.
Aslida ham bankirlarning kasbiy faoliyatining asosi shu – hisob kitob, matematik raqamlar. Lekin ular-da inson. Faqat kompyuterda ishlagani bilan bank xodimlarida ham yurak bor, har birining oʻziga xos qiziqishi, xobbisi bor. Boʻsh vaqtida sport bilan shugʻullanadi, ijod qiladi, sanʼatga ishtiyoqi balandlari ham kam emas.
Markaziy bank Samarqand viloyati bosh boshqarmasi ana shunday xodimlarni qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirib borish uchun oʻziga xos yoʻl tutmoqda.
Keyingi paytda boshqarma “Ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal” degan gʻoya bilan viloyatdagi banklar xodimlari oʻrtasida sport musobaqalari, turli koʻrik-tanlovlar oʻtkazib kelmoqda.
Ularning bu galgi tashabbusi “Eng kitobcevar xodim” tanlovi boʻldi.
– Yosh kitobxon televizion tanlovini kuzatib, qolaversa, keyingi yillarda yoshlar oʻrtasida kitobga mehrning oshib borayotganini koʻrib, bank xodimlari oʻrtasida ham shunday tanlov oʻtkazish gʻoyasi tugʻildi, – deydi Markaziy bank Samarqand viloyati bosh boshqarmasi boshligʻi Q.Sobirov. – Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusdan biri ham aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish bilan bogʻliq ekanligi biz uchun ayni muddao boʻldi. Gap bu yerda tanlovda emas, asosiy maqsad xodimlarni kitob oʻqishga daʼvat etish, kitobning maʼnaviy ehtiyoj ekanligini anglatishda edi.
Dastlab har bir bankda eng kitobxon xodim aniqlandi. Saralangan 87 nafar kitobsevarlar ikkinchi bosqichda yana bir bor sinovdan oʻtdi. Ularning kitob haqidagi bilim va tushunchalari onlayn test sinovi shaklida baholandi. Bu jarayonda eng yuqori natijaga erishgani 17 nafar ishtirokchi aniqlanib, ularga tanlovning final bosqichida bellashish imkoniyati berildi.
Finalda bankirlarning nechogʻlik kitobxon ekanliklari turli hikoyalardan keltirilgan qisqa namunalar orqali asar muallifi va gʻoyasi haqidagi bilimlari, buyuk mutafakkir va adiblar toʻgʻrisidagi savollarga tezkor javoblari, eng koʻp sheʼrni yod olganliklari orqali aniqlandi. Yakuniy natijalar eʼlon qilinganda “Asaka” bank Samarqand filiali xodimi Shohista Tamiqayeva eng koʻp ball yiqqani maʼlum boʻldi. Xalq banki viloyat filiali xodimi Elyor Roʻziyev ikkinchi, “Oriyent finans bank” viloyat filiali xodimi Mashhura Usmonova esa uchinchi oʻrinni egalladi.
Gʻoliblar va ishtirokchilarning barchasiga eng qimmatli sovgʻa – kitoblar tuhfa qilindi. Bu kitobsevar xodim tanlovi yana davom etishidan dalolatdir.