Bank xizmatlari ko‘rgazmasi
Samarqandda bank texnologiyalari, asbob-uskunalari va xizmatlari hududiy “BankExpo – 2016” milliy ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Samarqandda bank texnologiyalari, asbob-uskunalari va xizmatlari hududiy “BankExpo – 2016” milliy ko‘rgazmasi o‘tkazildi.O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tashabbusi bilan Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, mazkur faoliyat bilan shug‘ullanish istagidagi fuqarolar, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari ishtirok etdi.
Ko‘rgazmada tijorat banklari, lizing va sug‘urta kompaniyalari faoliyati, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar, tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, viloyat tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida joriy yilning o‘tgan davrida 390,8 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan. Xususan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga 6 milliard 671 million so‘m kredit yo‘naltirilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,5 barobar ko‘pdir.
Ko‘rgazma davomida bank xodimlari va mutaxassislar tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarga biznes-reja tuzish, bank kreditlaridan foydalanish bo‘yicha maslahat va tavsiyalar berdi.
Tijorat banklari tomonidan viloyatda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari, mikrofirmalar, fermerlar hamda o‘z biznesini boshlayotgan ta’lim muassasalari bitiruvchilarining biznes loyihalari bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov g‘oliblariga imtiyozli kredit olish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirildi.
– Bu yil Samarqand iqtisodiyot kollejini bitiraman, – deydi kattaqo‘rg‘onlik Dilshod Ergashev. – O‘qishdan so‘ng o‘z biznesimni yo‘lga qo‘yib, savdo va ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanmoqchiman. Buning uchun “Qishloq qurilish bank” ko‘magida loyiha ham ishlab chiqqanman. Bugun ushbu loyiham qo‘llab-quvvatlanib, 15 million so‘m kredit olish huquqini beruvchi sertifikatga ega bo‘ldim.