Bank va universitet o‘rtasida hamkorlik
“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida joriy yil 18 fevral kuni hamkorlik memorandumi imzolandi.
Prezidentimizning 2017 yil 27 iyuldagi “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori ijrosini ta’minlash, ta’lim, fan va ishlab chiqarishning innovatsion hamkorligini amalga oshirish asosida innovatsion-korporativ hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida imzolangan memorandum bank va universitet o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.
“O‘zmilliybank” AJ hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasidagi hamkorlik oliy ta’lim va ishlab chiqarishning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash, talabalarning ijodiy va intellektual salohiyatini amalga oshirish uchun zarur sharoit yaratish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, oliy ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi innovatsion aloqalarni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, bank tizimining rivojlanish tendensiyalarini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma loyihalar yaratish va ularni amalga oshirish, natijalarni innovatsion asosda bank tizimi amaliyotiga tatbiq etish, universitet kafedralari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan holda bakalavriat va magistraturada tahsil olayotgan talabalarning ishlab chiqarish va malakaviy amaliyotlarini tashkil etish imkonini beradi.
Memorandum doirasida “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyatining kelgusi istiqboldagi faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha dolzarb muammoli mavzular ro‘yxatini shakllantirish va ushbu mavzular bo‘yicha hamkorlikda tadqiqot olib borish, dolzarb muammoli mavzular bo‘yicha ilmiy ishlar tayyorlash, forumlar, seminar va konferensiyalar tashkil etish, universitetning bakalavriat va magistratura ta’lim bosqichida tahsil olayotgan talaba, tinglovchilarning ishlab chiqarish va malakaviy amaliyotlarini “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyatida samarali tashkil etish, malakali kadrlar tayyorlash maqsadida bankning yetakchi xodimlarini o‘quv jarayoniga jalb etish rejalashtirilgan.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Bank ishi va investitsiyalar” kafedrasi qoshida “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi. Markazda tahsil olgan talaba-yoshlarga “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati tomonidan maxsus sertifikat taqdim etiladi. Sertifikatga ega bo‘lgan markaz bitiruvchilari kelgusida “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati tizimida ish bilan ta’minlanadi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan bildirilgan yana bir uch tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ya’ni “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati ko‘magida korxonalarga kirib borish, ulardagi mavjud muammolarni yosh va iqtidorli talabalar tomonidan innovatsion yechimlar yordamida bartaraf etish taklifi Bank rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Jumladan, uch tomonlama hamkorlikni ta’minlash barobarida Bankning investitsion ishtiroki asosida amalga oshirilayotgan yirik loyihalarda ham iqtidorli va kreativ fikrlovchi talaba yoshlar hamkorligini ta’minlash taklifi ilgari surildi.
Mamlakatimizda “Yangi O‘zbekiston” ni barpo etishdek ulug‘ maqsadga erishish yo‘lida asosiy tayanchimiz bo‘lgan azmu shijoatli yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularga barcha sohalarda o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Shu ma’noda “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi ham yosh kadrlarni har tamonlama qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
“O‘zmilliybank”AJ
matbuot xizmati
O‘zA