Bank tizimi aktivlari 984,4 trillion so‘mni tashkil etdi
O‘zbekiston bank tizimida 2026-yilning birinchi yarmi yakuniga kelib ijobiy moliyaviy tendensiyalar saqlanib qolmoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, banklar aktivlari, depozitlar hajmi va moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlari o‘sishda davom etmoqda. Bu esa iqtisodiyotni moliyalashtirish imkoniyatlari kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
2026-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, bank tizimi aktivlari 984,4 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,6 foizga oshgan. Mutaxassislar fikricha, aktivlar hajmining o‘sishi banklarning iqtisodiyot tarmoqlari va aholini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash salohiyati ortib borayotganidan dalolat beradi.
Hisobot davrida bank tizimi majburiyatlari ham o‘sib, 838,8 trillion so‘mga yetdi. Shu bilan birga, aktivlarning majburiyatlarga nisbati 117 foiz darajasida saqlanib qoldi. Bu bank tizimi umumiy moliyaviy barqarorligining yetarli darajada ekanini tasdiqlaydi.
Kredit qo‘yilmalari hajmi ham izchil o‘sishni namoyon etdi. Agar 2025-yil 1-iyun holatiga kreditlar hajmi 567,7 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning shu davriga kelib bu ko‘rsatkich 636 trillion so‘mga yetdi. Natijada kredit portfeli bir yil davomida 12 foizga o‘sdi.
Depozitlar hajmida esa yanada yuqori o‘sish sur’ati kuzatildi. Jismoniy va yuridik shaxslar mablag‘larining banklarga jalb qilinishi natijasida depozitlar hajmi 345,6 trillion so‘mdan 460,6 trillion so‘mgacha ko‘tarilib, bir yilda 33 foizlik o‘sish qayd etildi.

Tahlillarga ko‘ra, depozitlar o‘sishining kreditlash sur’atlaridan yuqori bo‘lishi bank tizimi uchun muhim ijobiy omil hisoblanadi. Xususan, kredit qo‘yilmalarining depozitlarga nisbati bir yil davomida 164 foizdan 138 foizgacha pasaydi. Bu esa banklar tomonidan ajratilayotgan kreditlar tobora ko‘proq ichki resurslar — aholi va biznes sub’ektlari omonatlari hisobidan moliyalashtirilayotganini anglatadi.
Davlat ulushi mavjud banklarda ham ushbu ko‘rsatkich yaxshilanib, kredit va depozitlar nisbati 219 foizdan 176 foizga tushdi. Boshqa tijorat banklarida esa mazkur ko‘rsatkich 106 foizdan 97 foizgacha pasaygan. Bu holat banklarning likvidlik bazasi mustahkamlanib, moliyaviy xavflarni boshqarish imkoniyatlari kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Qayd etilishicha, depozitlar hajmining jadal o‘sishi aholi va tadbirkorlarning bank tizimiga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, resurs bazasining kengayishi iqtisodiyotni barqaror moliyalashtirish uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.
Umuman olganda, joriy yilning dastlabki oylari yakunlari bank tizimida moliyaviy barqarorlik saqlanayotgani, depozit bazasi kengayayotgani hamda iqtisodiyotni kreditlash uchun ichki resurslar imkoniyatlari ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa mamlakat moliya sektorining barqaror rivojlanishi uchun muhim omillardan biri hisoblanadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA