Bank o‘tkazmalari va naqd pul yechish komissiyalari nimalarga bog‘liq?
Markaziy bankda “Moliyaviy xizmatlarda komissiyalar: xarajatlar, raqobat va iste’molchi manfaatlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda banklar, to‘lov tizimlari va to‘lov tashkilotlari, biznes, OAV hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev va boshqalar moliyaviy xizmatlar uchun belgilanadigan komissiyalar, ularning shakllanishiga ta’sir etuvchi xarajatlar, bozordagi raqobat va iste’molchilar uchun qulay tariflarni joriy etish masalalariga to‘xtaldi.
Qayd etilganidek, mamlakatda bank kartalari soni 79 milliondan oshgan, to‘lov terminallari 459 mingdan, bankomat va infokiosklar esa 47 mingdan ko‘p. Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida terminallar orqali amalga oshirilgan tushumlar qariyb 518 trillion so‘mga yetgan. To‘lovlar hajmining ortishi soha infratuzilmasi va xizmat ko‘rsatish tizimlarini rivojlantirishga bo‘lgan talabni ham oshirmoqda.
Muhokamada Click, Payme va O‘zbekiston Milliy banki vakillari to‘lov xizmatlari tariflari va ularni shakllantiruvchi omillar haqida fikr bildirdi.
Xususan, Click tomonidan kartadan kartaga pul o‘tkazish jarayonida bir nechta tashkilot ishtirok etishi, ularning har biri muayyan xizmatlarni ko‘rsatishi va tranzaksiyalarni amalga oshirish hamda xavfsizligini ta’minlash xarajatlarni talab qilishi ta’kidlandi. Savdo va xizmatlar uchun to‘lovlarda komissiyani xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot qoplashi mumkin. Jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarida esa xarajatlarni qoplash mexanizmi boshqacha bo‘ladi. Shuningdek, ayrim xizmatlarning bepul taklif qilinishi xarajatlar mavjudligi emas, balki ularning bir qismi tashkilotning o‘zi tomonidan qoplanayotganini anglatadi.
O‘zbekiston Milliy bankida P2P o‘tkazmalari uchun belgilangan limit doirasida bepul xizmat ko‘rsatish amaliyoti mavjud. Limitdan yuqori operatsiyalar uchun esa 0,5 foizlik komissiya qo‘llanadi. Ushbu mablag‘ning bir qismi to‘lov tizimlariga to‘lansa, qolgan qismi bank dasturlari, mobil ilova va axborot xavfsizligini ta’minlash xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi.
Bankomatlardan naqd pul yechishda ham komissiyaning muayyan qismi operatsion xarajatlarga to‘g‘ri keladi. Jumladan, tadbirda aytib o‘tilganidek, odatda qo‘llanadigan 1 foizlik komissiyaning 0,7-0,8 foizgacha bo‘lgan qismi bankomatlarni saqlash, inkassatsiya, ijara, elektr energiyasi va boshqa xarajatlarni qoplashga sarflanishi mumkin. Shu bilan birga, banklar o‘rtasidagi raqobat tariflarni qayta ko‘rib chiqish va mijozlarga yanada qulay shartlarni taklif etish imkonini beradi.
[gallery-31975]
Payme bosh direktori Stanislav Skvirskiyning qayd etishicha, O‘zbekistonda mijozlarga bank ofislariga bormasdan, masofadan identifikatsiyadan o‘tish imkonini beruvchi qonuniy mexanizmlar mavjud.
– Ochiq banking foydalanuvchilarga Humo kartalarini qaysi bank chiqarganidan qat’i nazar, turli ilovalarga biriktirish, pul o‘tkazmalari va kommunal to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Bu bozor rivojlanishi uchun katta turtki bo‘ldi. Biroq Visa va Mastercard kartalari bilan ishlashda ayrim cheklovlar bor. Foydalanuvchilar bunday kartalarning balansini va tranzaksiyalar tarixini ularni chiqargan bank ilovasidan boshqa ilovalarda ko‘ra olmaydi. Banklar o‘rtasida integratsiyalarni yo‘lga qo‘yish ko‘p vaqt va mablag‘ talab qiladi, tariflar bo‘yicha alohida kelishuvlar esa komissiyalar farqlanishiga olib kelishi mumkin.
Har qanday tranzaksiyaning o‘z tannarxi bor. To‘lov tashkilotlari mijozlar mablag‘larini himoya qilish, firibgarlikning oldini olish va xavfsizlik tizimlarini qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ sarflaydi. Shuning uchun moliyaviy xizmatlar narxi nolga teng bo‘la olmaydi, – deya ta’kidladi u.
Muhokamada to‘lov xizmatlari xavfsizligini ta’minlash masalasi ham ko‘tarildi. To‘lov tashkilotlari mijozlarni firibgarlikdan himoya qilish uchun dasturiy tizimlar, litsenziyalar va texnik yechimlarga mablag‘ sarflaydi. Shu bois komissiyalarni belgilashda xizmatlarning tannarxi, iste’molchilar uchun maqbul narxlar va bozordagi raqobat o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash muhim hisoblanadi.
Davra suhbati yakunida bildirilgan fikr va takliflarni o‘rganish, mahalliy hamda xalqaro tajribani tahlil qilish maqsadida ekspertlar, banklar, to‘lov tashkilotlari, OAV vakillari hamda tadqiqotchilardan iborat ishchi guruh tuzish belgilandi. Kelgusidagi muhokamalarda moliyaviy xizmatlar tariflarini takomillashtirish va iste’molchilar manfaatlarini hisobga oladigan yechimlarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA