Bangladeshda qizamiq kasalligi tobora avj olmoqda
Bangladeshda so‘nggi paytlarda yuqumli kasalliklar bilan bog‘liq vaziyat keskin tus olmoqda. Xususan, o‘lkada qizamiq tufayli hayotdan ko‘z yumganlar soni 500 nafardan oshdi.
“Reuters” nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning 86 nafarida ushbu virus tahlillar orqali aniqlangan, yana 426 nafar bolada esa kasallikning klinik belgilari yaqqol namoyon bo‘lgan.
Mahalliy sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi joriy yil bahor oylaridagi (15-martdan 23-maygacha) vaziyatni tahlil qilib, mamlakatda 62 mingdan ziyod odamda virus alomatlari kuzatilganini ma’lum qildi. Ularning 8,4 mingdan ortig‘ida tibbiy laboratoriya xastalikni tasdiqlagan.
Bunday ommaviy kasallanish mahalliy tibbiyot tizimiga katta og‘irlik olib keldi: shifoxonalarda joy yetishmovchiligi kuzatilmoqda, ayniqsa, shaharlarning qashshoq mahallalari va chekka ovullarda ahvol ancha jiddiy.
Shifokorlarning bildirishicha, mazkur xavfdan eng birinchi navbatda 5 yoshga to‘lmagan bolalar zarar ko‘rmoqda. Emlash vaqtidan o‘tib ketgan yoki umuman vaksina olmagan bolalarda kasallik juda og‘ir asoratlar bilan o‘tyapti.
Bundan avvalroq, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham rejali vaksinatsiyaning susayishi mana shunday yirik pandemik oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirgan edi. Ayni paytda Bangladesh hukumati inqirozdan chiqish uchun tezkor choralarni boshlab yuborgan. Joylarda qizamiq va qizilchaga qarshi favqulodda emlash ishlari tashkil etilib, chekka hududlarga mobil shifokorlar guruhi jo‘natildi.
Organizmning immunitetini oshirish va o‘lim xavfini kamaytirish uchun bolalarga A vitaminini bepul tarqatish yo‘lga qo‘yildi. Tibbiyot ekspertlari ushbu virusni dunyodagi eng tez tarqaluvchi kasalliklardan biri deb hisoblasa-da, oddiygina ikki dozalik vaksina orqali undan butunlay himoyalanish mumkinligini eslatib o‘tadi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA