Bandlik va oilalarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi ishlar o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil birinchi yarim yillik ish rejasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida bo‘lishdi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-dekabrdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida “Sarabiy” ovul fuqarolar yig‘ini hududida faoliyat yuritayotgan Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazi faoliyati o‘rganildi. Markazda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish va salomatligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar tinglandi.

Shuningdek, ishchi guruh “Daf Export Group” mas’uliyati cheklangan jamiyatida xotin-qizlarning mehnat faoliyati, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-maydagi “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish hamda oilaviy maslahat xizmatlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash tizimini takomillashtirish, huquqiy va psixologik xizmatlar ko‘rsatish, ota-onalikka tayyorlash ta’lim dasturlari orqali mas’uliyatli ota-onalik ko‘nikmalarini shakllantirish va oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu qaror ijrosi doirasida “Ellikqal’a” ovul fuqarolar yig‘ini hududida tashkil etilgan Оила va xotin-qizlar маскани faoliyati ko‘zdan kechirildi. Bu yerda oilalarni qo‘llab-quvvatlash va maslahat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Shundan so‘ng ishchi guruh “Bo‘ston Silk” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lishdi. Korxonada pillachilikni rivojlantirish, pilla yetishtirish va tarmoq samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ishchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

Tashrif davomida tumanda mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Ishchi guruh shuningdek Nukus shahri va Taxiatosh tumanida ham bo‘lib, xotin-qizlar bandligi va oilalarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi ishlarni o‘rganishmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri