Baliqchilikda ilgʻor usullarni qoʻllash kerak...
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida qishloq xoʻjaligini, xususan baliqchilik tarmogʻini jadal rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida qishloq xoʻjaligini, xususan baliqchilik tarmogʻini jadal rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2018-yil 6-noyabrdagi “Baliqchilik sohasini yana-da rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mazkur ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Mazkur hujjatga asosan baliqchilik xoʻjaliklarini yana-da rivojlantirish, yangi inkubatsiya sexlarini tashkil etish, ozuqa bazasini mustahkamlash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, baliqni qayta ishlash va eksportga yoʻnaltirish tizimini takomillashtirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
– Dono xalqimiz, baliq 7 xazinaning biri, deb bejizga aytmagan, – deydi Boyovut tumani hokimi D.Oʻrolova. – Baliqchilik rivojiga qaratilayotgan eʼtibor tufayli oʻtgan 2019-yilda tumandagi sunʼiy suv havzalarda baliq yetishtiruvchi 22 ta xoʻjalikda 1022,6 tonna mahsulot yetishtirildi. Ammo bu mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmoqda, degan xulosani bermaydi. Baliqchilik xoʻjaliklarida ilgʻor usullarga asoslangan, sohasini iqtisodiy jihatdan rentabelli qilishga moʻljallangan amaliy ishlarni boshlashimiz kerak. Bundan tashqari, suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida, baliqchilik xoʻjaliklarining oldida zarur qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ekib, har tomchi suvdan, har qarich yerdan unum bilan foydalanishdek muhim masala ham turganini esdan chiqarmaslik lozim.
Karantin qoidalariga toʻla rioya qilingan holda Boyovut tumanida oʻtkazilgan yigʻilish baliqchilik sanoatining istiqbollariga bagʻishlandi.
Unda tumandagi mavjud baliqchilik xoʻjaliklari bilan soha sanoatini yana-da rivojlantirib, yangi inkubatsiya sexlarini tashkil etish, ozuqa bazasini mustahkamlash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, intensiv baliq yetishtirishni yoʻlga qoʻyish orqali yangi ish oʻrinlari yaratish bilan baliq mahsulotlarini qayta ishlash va eksportga yoʻnaltirish tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.