Baliqchilik sohasida xalqaro hamkorlik
Yevropa-Osiyo hayvonot bog‘lari akvariumlarining hududiy assotsiatsiyasi(YeARAZA)ning Yevrosiyodagi eng kamyob osyotr baliqlarini saqlash dasturi kuratori Aleksey Chernyak Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Nukus filialiga tashrif buyurdi.
Tashrifda mehmon filial rahbariyati bilan baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Muloqot chog‘ida baliqchilik sohasida qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Aleksey Chernyak filial hududidagi sun’iy havzalar va o‘quv-laboratoriyalar bilan yaqindan tanishdi. U yerdagi ilmiy-amaliy baza mehmon tomonidan ijobiy baholandi. Ayniqsa, zooinjeneriya yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba-yoshlar uchun bunday uchrashuv katta ahamiyat kasb etdi. Ular nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, kamyob baliq turlarini saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha zamonaviy tajribalar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.


Tashrif davomida, Amudaryo havzasiga xos bo‘lgan katta kurakburn baliq turlarini saqlash va ko‘paytirish borasida hamkorlikda ish olib borishga kelishib olindi. Tashrif yakunida tomonlar baliqchilik sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.