Bahorgi yumush: Rishtonda chigit ekish boshlandi
Rishton tumanidagi “Rus oʼzbek teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati Farg‘ona viloyatida ilk bor paxtachilikda klaster usulini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, bu borada o‘tgan uch yil mobaynida yaxshi tajriba to‘plandi.
2021 yil hosili uchun chigit ekish ishlarini uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Tumanda 5 ming 950 gektardan ortiq yerga chigit qadab, mo‘l hosil olish maqsad qilingan. Buning uchun hozirgi kunda 9 otryad tashkil etilgan.
Rossiyalik tadbirkor Magomed Kostoyev rahbarligidagi klaster korxonasi va 210 tadan ziyod rishtonlik fermerlar bahorgi yumushlarni yuqori kayfiyatda boshlamoqda. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mazkur tumanda bo‘lib, chigit ekish ishlariga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi va ekishni tizimli tashkil etish yuzasidan o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminar-yig‘ilishda ishtirok etdi. Agrotexnik tadbirlar uchun shay holga keltirilgan texnikalarni ko‘zdan kechirdi. Otryad a’zolariga yaratilgan qulayliklar, dala sharoitida dam olish va yashash uchun mo‘ljallangan konteynerlarni ko‘rdi.
– Har yili Rishton tumanida klaster tomonidan ishlar juda samarali tashkil etilmoqda, – dedi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov. – Yaxshi natijalar qo‘lga kiritilmoqda. Garchi xorijdan kelgan bo‘lsa-da, klaster rahbari mas’uliyat bilan, shu yerni yaxshi ko‘rib mehnat qilmoqda.
Tadbirda bir guruh qishloq xo‘jaligi faxriylariga mavsum oldidan sovg‘alar ulashildi.
M. Sulaymonov, O‘zA