Bahorgi turizm mavsumi boshlandi
Nukusda “Bahorgi turizm mavsumi boshlandi: sayohatga marhamat!” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining turizm va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi R.Zarikeyev, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshlig‘i B.Kusekeyev davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda turizm, xususan, ichki turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarga qo‘shimcha shart-sharoit yaratish, ichki turizmni rivojlantirish va mahalliy aholini sayohatlarga jalb qilish maqsadida turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga qator imtiyoz, preferensiyalar taqdim etilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining joriy yil 9 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni respublikada maqbul va qulay ichki va xalqaro ziyorat turizmi muhitini yaratish, transport yo‘nalishlarini kengaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirish, turizm mahsulotlarini keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan yurtimizning diqqatga sazovor joylari mahalliy va chet el sayyohlariga keng targ‘ib qilib kelinmoqda. Shular qatorida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham hududning o‘ziga xos tomonlari, shu jumladan madaniyati, milliy urf odatlari, tarixiy va zamonaviy turistik ob’ektlari, moddiy va nomoddiy madaniy meros ob’ektlari keng ommaning e’tiboriga havola etilmoqda. Orolbo‘yining turistik salohiyatni keng yoritish maqsadida bugungi kunga kelib ko‘p sonli xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlari uchun info va media-turlar tashkil etilmoqda.
Tashrif buyurgan mehmonlarga xizmat ko‘rsatish sifati ham yaxshilanib bormoqda. Jumladan, hozirgi vaqtda 36 ta turistik korxona, 68 ta joylashtirish vositasi, turistik sinfga mansub 17 ta avtobus, 9 ta mikroavtobus, 37 ta yo‘l tanlamas avtotransport vositasi, 25 ta gid-tarjimon, 10 dan ortiq muzey, 3 ta teatr, 2 ta turistik axborot markazi, xorijiy va milliy yo‘nalishdagi umumiy ovqatlanish shoxobchalari faoliyat yuritmoqda.
Bahorgi turizm mavsumi boshlanishi bilan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi tomonidan tarixiy-madaniy turizm, arxeologik turizm, ekoturizm, etnoturizm, ziyorat turizmi, agroturizm, yoshlar turizmi, ayollar turizmi, keksalar turizmi kabi bir qator turistik yo‘nalishlar ishlab chiqilmoqda. Tadbirda soha mutaxassislari tomonidan ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi va ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Tadbirda Orolbo‘yining turistik salohiyatini namoyish etish maqsadida mahalliy hunarmandlar, muzey va teatrlar, turistik korxonalar mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA