Bahor bilan hamnafas shoira
Oʻzbek ayolining timsoli boʻlgan Zulfiyaxonimning hayoti va ijodini oʻrganish oʻsib kelayotgan yoshlarimizga ibrat boʻladi.
1-mart – Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya tavallud topgan kun
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida atoqli shoira Zulfiya tavalludining 105-yilligiga bagʻishlangan adabiy kecha oʻtkazildi.
Tadbirda qoʻmita vakillari, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Oʻzbekiston jahon tillari universiteti oʻkituvchilari, Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari va talabalar ishtirok etdi.
Qoʻmita bosh mutaxassisi Neʼmat Polvonov barchani tobora yaqinlashayotgan bahor va Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan qizgʻin qutlab, Zulfiyaning oʻzbek va umumjahon adabiyotiga qoʻshgan katta hissasi haqida gapirdi.
– Oʻzbek ayolining timsoli boʻlgan Zulfiyaxonimning hayoti va ijodini oʻrganish oʻsib kelayotgan yoshlarimizga ibrat boʻladi. Zulfiyaxonimning hayoti ogʻir kechgan. Lekin uning ijodida bu gʻam bilan birga, insonning insonga vafo va sadoqatini, oʻzbek ayolini goʻzal hayotga chorlashini koʻramiz. U sabr, iroda ayollarimizga bugun ham zarur boʻlgan fazilat ekanini isbot etgan ulkan ijodkordir, – dedi “Yoshlik” jurnali bosh muharriri, shoir Faxriddin Hayit.
Yosh havaskorlar ijrosida Zulfiya sheʼrlariga bastalangan musiqa va qoʻshiqlar yangradi.