Bahor - bayramlar fasli (+video)
Tabiatning uyg‘onishi, olamning yosharishi, sharqona yangi yil boshlanishi – Navro‘zi olam demak. Tarixiy manbalar dalolatiga ko‘ra ota bobolarimiz bu kunni ezgulik, mehr-oqibat, farovonlik ramzi sifatida ulug‘lab keladilar.
Ezgu an’analar davomchilari sifatida Jamoat xavfsizligi universitetida ham bu kun katta tantana bilan nishonlandi. Unda universitet kursant va talabalari, harbiy qism xizmatchilari, bu dargohda xizmat qilayotgan professor-o‘qituvchilarning farzandlari-yu, oila a’zolari, faxriylar ishtirok etishdi.
Mehmonlar davraga qadam qo‘yishar ekan, avvalo bayramona bezatilgan universitetning yangi bog‘ hududiga e’tibor qaratdilar. Unda gullar, milliy matolardan go‘zal manzaralar aks ettirilgandi. Yaqin o‘tmishda tashlandiq holda yotgan bu hudud universitet jamoasi g‘ayrati bilan beqiyos go‘zallik kasb etgandi. Milliy an’analarga xos bezatilgan to‘kin dasturxonlar, bir tomonda dimoqni qitiqlab xushbo‘y ifor taratayotgan doshqozonlar, ayniqsa, bunda ta’lim olayotgan kursantu-talabalar o‘rtasida tashkil etilgan “mohir pazanda” tanlovi ishtirokchilarining harakatlari o‘ziga xos manzara bag‘ishlagan.
Bir tomonda bolajonlar o‘ynab-yayrashi uchun tiklangan yumshoq maydoncha, bahor xusni bo‘lgan varraklar musobaqalari jajji mehmonlar zavqini toshirgan. Albatta harbiy xizmatchilar qarorgohi tadbirlarini kuchlilar va chaqqonlar ishtirokidagi sport musobaqalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu yerda ham turli uslubdagi bellashuvlar, kuch sinashlar, navro‘zga xos an’anaviy arqon tortish, tosh ko‘tarish, chillak, lanka tepish singari milliy o‘yinlar davraga fayz bag‘ishladi. Jamoat xavfsizligi universiteti o‘z nomi bilan xalqimiz osoyishtaligi qalqonlari toblanadigan maskan.
Shuning uchun ham “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir” degan bosh g‘oya bu ta’lim maskani uchun go‘yo uzukka ko‘z qo‘ygandek tushdi. Navro‘z bayrami bu yerda haqiqiy umumxalq sayli shaklini oldi. Universitet harbiy orkestr jamoasi dastavval sayilni ko‘tarinki ruhda boshlab bergan bo‘lsa, taklif etilgan el suygan san’atkorlar, so‘z ustalari davraga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishlab yubordi. Bayramona milliy libosdagi kursant va talabalar zavqu shavqqa to‘lib, milliy bayram shukuhini dildan his qildilar. Shunisi e’tiborliki, universitet jamoasi shodiyona davralariga Toshkent shahrida joylashgan 22 va 30-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini ham taklif etishdi. Ularning quvonchi universitet jamoasini yanada ruhlantirib yubordi.
Shuningdek, bayramda harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun rassomchilik tanlovi, varrak uchirish, oq terakmi - ko‘k terak kabi milliy sport o‘yinlari tashkil qilindi. Universitet harbiy xizmatchilari, kursantlari va talabalari o‘rtasida milliy kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish, chillak kabi milliy sport o‘yinlar o‘tkazildi. Sayl doirasida bo‘linmalar tomonidan milliy taomimiz “Osh birinchiligi”, go‘zal kursant qizlarimiz va talabalarimiz tomonidan esa “Eng yaxshi bahoriy salat” musobaqalari o‘tkazildi. Tadbir davomida kursant va talabalar tomonidan milliy kuy-qo‘shiqlar va raqslar ijro etilishi barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/zPS1NSpkXck" title="Bahor - bayramlar fasli" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA