Badiiy ta’lim sohasida xalqaro hamkorlik kengaymoqda
Mamlakatimizda bugungi kunda jahon hamjamiyati bilan do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish, barcha sohalarda hamkorlik aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, fan, ta’lim, san’at, madaniyat va dizayn sohalarida ham bu o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Yurtimizdagi badiiy ta’limga ixtisoslashgan yagona oliy ta’lim muassasasi – Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida ham bugungi kunda xorijiy davlatlarning bir qator nufuzli oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan 30 dan ortiq hamkorlik memorandumlari imzolangan.
Bugun ushbu oliy ta’lim dargohining yuksak maqsadlar aks etgan hamda badiiy ta’lim istiqbollari ko‘zlangan xalqaro memorandumlari soni yana bittaga ortdi.
Ma’lumki, Prezidentimiz raisligida 2021 yil 16 iyun kuni «Oliy ta’lim sohasidagi islohotlar natijadorligi hamda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik» mavzusida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida oliy ta’lim tizimini rivojlantirish, xususan, davlat ta’lim standartlarini xalqaro standartlarga moslashtirish borasida bir qator vazifalar belgilab berilgandi.
Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash hamda institutning xorijiy turdosh oliy ta’lim muassasalari bilan integratsiyasini mustahkamlash maqsadida ayni paytda institut rektori Nodirbek Sayfullayev boshchiligidagi institut delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasining A.L.Shtiglis nomidagi Sankt-Peterburg davlat Badiiy sanoat akademiyasida bo‘lib turibdi.
Aytish o‘rinliki, o‘z yo‘nalishida Rossiya Federatsiyasining eng mashhur oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan ushbu akademiya 1876 yilda tashkil etilgan, ayni paytda 2 ta fakultet hamda 20 ta kafedra faoliyat olib bormoqda.
Institut delegatsiyasi tashrifni o‘quv ustaxonalari, dars jarayonlari bilan tanishish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar bilan suhbat uyushtirishdan boshladi.
Akademiya muzeyida muassasa tarixi, bugungi kundagi faoliyati, yutuqlari borasida ko‘plab ma’lumotlar va eksponatlar jamlangan.
Ushbu muzeyga tashrif ham ularda katta taassurot uyg‘otdi.
Tashrif doirasida akademiya jamoasi bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. E’tiborli jihati, akademiya mutaxassislari o‘zbek tasviriy san’ati, uning namoyandalari, bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda buning natijasida tasviriy san’at, dizayn sohalarida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlardan yaxshi xabardor ekanliklarini namoyon etdi.
Ayrim professor-o‘qituvchilar esa yurtimizda bo‘lgani va iliq taassurotlar olgani haqida batafsil hikoya qilib berdi hamda o‘rnatilayotgan hamkorlik ular uchun ham ayni muddao ekanligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad - mazkur akademiya rektori Anna Kislitsina hamda muassasa rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish kabi masalalar muhokama qilindi hamda yakunda hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu memorandumda ilmiy tadqiqotlar va akademik faoliyatga oid ilmiy tajriba va ilmiy ma’lumotlar almashish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik loyihalari va dasturlarini amalga oshirish, talabalar, magistrlar, fan doktorlarining o‘zaro almashinuvini tashkil etish, birgalikda darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, ma’ruzalar, uslubiy tavsiyalar, ilmiy-amaliy sharhlar, lug‘atlar va boshqalarni tayyorlash, madaniy tadbirlar o‘tkazish, qo‘shma ta’lim dasturi faoliyatini yo‘lga qo‘yish kabi bir qator muhim jihatlar o‘z aksini topdi.
Anna Kislitsina tashrif hamda samimiy muloqot uchun minnatdorchilik bildirar ekan, O‘zbekistonning boy va qadimiy madaniyati va san’ati jahon hamjamiyati va soha mutaxassislari tomonidan yuksak qadrlanishini, o‘zi va akademiya jamoasi o‘rnatilgan hamkorlikdan juda mamnun ekanligini va ulkan natijalar kutayotganini alohida qayd etdi.
O‘z navbatida, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori Nodirbek Sayfullayev ushbu hamkorlik har ikki oliy ta’lim muassasasining kelgusi rivoji uchun muhim qadam bo‘lishini ta’kidlab, akademiya jamoasini yurtimizga taklif etdi.
maftuna karimova, [03.12.2021 12:40]
Ushbu ta’lim muassasasida 15 noyabrdan buyon institut professor-o‘qituvchilari – Ilhom Xalilov, Abdumajid Sagatov, Umida Xamroyeva, Asliddin Kalonov, Shahlo Abdullayeva va Farida Maksumova malaka oshirmoqda.
Uchrashuv doirasida akademiya rektori ushbu professor-o‘qituvchilarga mazkur muassasada malaka oshirganliklari to‘g‘risida maxsus sertifikat topshirdi hamda bu hamkorlik aloqalari yana uzoq vaqt davom etishini ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, joriy yilda O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Italiyaning nufuzli ta’lim muassasalaridan biri, bugungi kunda dunyoning TOP-5 moda maktablari qatoridan o‘rin egallagan Polimoda dizayn maktabi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Belarus Respublikasining Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti bilan ham memorandum imzolanib, kelgusi hamkorlik uchun mustahkam asos yaratildi.
Turkiyaning Kastamonu universiteti bilan bo‘lib o‘tgan onlayn muloqotda ham kelgusi hamkorlik ishlari memorandum bilan mustahkamlandi.
Bu kabi hamkorlik aloqalari o‘z samarasini berib kelmoqda. Xususan, joriy yilda 40 dan oshiq xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda seminar va vebinarlar o‘tkazilgan bo‘lsa, ularda dunyoning TOP mingtalik reytingining yuqori pog‘onalarida turuvchi oliy ta’lim muassasalarining 10 dan ziyod mutaxassislari ishtirok etdi.
Shuningdek, institutda tashkil etilayotgan ko‘plab xalqaro darajadagi ilmiy-amaliy anjumanlarning nufuzi hamda geografik qamrovi ortib, badiiy ta’lim sohasi oldida turgan dolzarb muammolar, jahon san’ati va madaniyatida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni birgalikda muhokama qilish imkoni paydo bo‘lmoqda.
Jahonga yangicha qarash, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini baland tutgan holda yuzlanayotgan Yangi O‘zbekistonning san’ati va madaniyati ham tarixiy an’analar va zamonaviy qarashlar uyg‘unligida o‘zining yangi rivojlanish bosqichiga chiqib bormoqda.

Bugun milliy san’atimizda o‘z fikri, uslubi va dunyoqarashiga ega yosh ijodkorlar avlodi shakllanmoqda. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, o‘z ijodlarini dunyo san’at ixlosmandlariga taqdim etishlariga imkon yaratish soha mutasaddilari va mutaxassiclari oldida turgan dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, institut jamoasi xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, pirovardida esa yurtimiz san’ati va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shadigan, har tomonlama barkamol, Kamoliddin Behzod va boshqa buyuk musavvirlarga munosib izdosh bo‘la oladigan iste’dod egalarini tarbiyalashni maqsad qilgan.
Salim Madartov,
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn
instituti matbuot kotibi.