Aziz va muqaddassan, yurtim bayrog‘i
Andijonda “Millat bayrog‘i – mustaqillik timsoli” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda keng jamoatchilik vakillari, mehnat faxriylari, harbiylar, sportchilar va yoshlar qatnashdi.
Davlat madhiyasi bilan boshlangan tadbirda Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Komiljon Komilov, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Abdulhamid Nurmatov va boshqa mutasaddilar davlatimiz bayrog‘i va uning ahamiyati xususida so‘z yuritdi.
– Musaffo osmonimiz uzra hilpirab turgan aziz bayrog‘imiz har bir yurtdoshimiz uchun qadrlidir, – dedi viloyat hokimi o‘rinbosari K.Komilov. – Ayniqsa, bayrog‘imiz xalqaro anjumanlarda, sport musobaqalarida bo‘y ko‘rsatsa, qalblarimizda cheksiz faxr-iftixor tuyg‘usi jo‘sh uradi.
Shuningdek, tadbirda davlatimiz bayrog‘i yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning azmu shijoatini, g‘ururini, yurtga bo‘lgan muhabbat va sadoqatini mustahkamlashga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
Qo‘llarida yurt bayrog‘ini ko‘targan tadbir ishtirokchilari Andijon shahrining Alisher Navoiy shohko‘chasi bo‘ylab yurib o‘tdi. Bayroqlar o‘rnatilgan avtomobillar kolonnasi esa shahar ko‘chalari bo‘ylab aylandi.
Davlat bayrog‘i qabul qilingan sanaga bag‘ishlangan bu kabi tadbirlar viloyatdagi barcha tuman, shaharlarda, mehnat jamoalari, ta’lim muassasalarida ham bo‘lib o‘tdi.
Tuman hokimligi, korxona va tashkilotlar vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar, sportchilar ishtirokida Marhamat tumani hokimligi tomonidan “Aziz va muqaddassan, yurtim bayrog‘i!” shiori ostida tashkil etilgan tadbir ham Vatanimiz madhiyasi sadolari bilan boshlandi.
Tadbirda davlatimiz bayrog‘i madh etildi. Milliy bayrog‘imiz O‘zbekistonning har bir fuqarosi uchun aziz va muqaddas ekanligi ta’kidlandi.
– Xalqaro turnirlarda g‘olib bo‘lganligim sharafiga Vatanimiz madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz ko‘tarilganida, beixtiyor ko‘zimga yosh keladi, – deydi ikki kara paralimpiada chempioni Boburjon Omonov. – Butun vujudimni titratadigan, junbishga keltiradigan ushbu holatni so‘z bilan ta’riflay olmayman. Bu menimcha yurtimizga, uning ramzlariga bo‘lgan hurmat, ehtirom, tuyg‘ulari bo‘lsa kerak. O‘zbekistonday go‘zal va obod yurt farzandi ekanligimdan cheksiz faxr-iftixor tuyaman.
[gallery-20430]
Tadbirning tantanali qismi tugagach, davlatimiz bayrog‘i o‘rnatilgan avtomobillar kolonnasi tuman markazining asosiy ko‘chalari bo‘ylab aylandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari