“Aytim” da sayyor qabul tashkil etildi
Navoiy viloyati Uchquduq tumanining “Aytim” mahalla fuqarolar yig‘inida Navoiy viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i A’zamjon Sarabekov ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi.
“Aytim” MFY Navoiy viloyati markazidan 300 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bu yerda 1535 ta xonadonda 5700 nafarga yaqin aholi istiqomat qilib, aosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi.
Uchquduq tuman hokimi, sektor rahbarlari, xalq qabulxonasi vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tashkilot va korxonalar rahbarlari ishtirok etgan sayyor qabulda ijtimoiy himoyaga muhtoj, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar va yoshlar bilan yakka suhbatlar o‘tkazilib, muammolarini ijobiy hal etishga alohida e’tibor qaratildi.

– Shu mahallada yashayman, adliya xodimlaridan ko‘p yordam olganmiz, – deydi O.Rahimova. – Bola puli oldim, qaynonamni ish stajini tikladik. bugungi sayyor qabulda ham hamma savollarimga javob topdim va davlat xizmatlaridan foydalandim.
Sayyor qabulda aholi vakillarining 60 dan ortiq murojaati tinglanib, ularga yechim izlandi. Sayyor tartibda 20 ga yaqin FHDYO va davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Jumladan, 3 nafar fuqaro narkologiya dispanseridan, 3 nafari ruhiy kasalliklar shifoxonasidan, 1 nafar fuqaro kadastr ma’lumotlari olishda davlat xizmatlaridan foydalandi. 3 nafar fuqaroga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma rasmiylashtirib berildi. Murojaatlarga ko‘ra, sayyor qabul ishtirokchilariga elektron raqamli imzo kaliti olib berishda ko‘maklashildi.

Shuningdek, bandlik, pensiya ta’minoti, mehnat va oilaviy munosabatlar, soliq to‘lovlari, nogironlikni belgilash, ish stajini tiklash va imtiyozli shartlarda nafaqaga chiqish singari bir qator masalalarda murojaat qilgan fuqarolarning 35 dan ortiq murojaatlari yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan bo‘lsa, 15 ga yaqin murojaat adliya organlari tomonidan ish yurituviga qabul qilindi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA