Ayrim lider tadbirkorlarga garov ta’minotisiz kredit ajratiladi
O‘zbekistonda aholi daromadlarini oshirish va kichik biznesni rivojlantirish uchun yangi tizim joriy etilmoqda. Prezident farmoniga ko‘ra, tadbirkorlar endi garovsiz kredit va foiz kompensatsiyalariga ega bo‘ladi, mahalliy hokimiyatga keng vakolatlar berilmoqda.
“Barqaror ish o‘rinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari rahbarligida barqaror ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha tegishlicha hududiy shtablar, tuman (shahar) hokimlari rahbarligida – tuman (shahar) shtablari tashkil etilgan.
2026-yil 11-sentabrda qabul qilingan farmonga ko‘ra, tuman (shahar) shtabi qaroriga asosan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni kooperatsiyaga jalb qilgan lider tadbirkorlarga 5 mlrd. so‘mgacha (jalb qilingan har bir oila uchun 50 mln so‘m hisobda) garov ta’minotisiz kredit ajratilishiga ruxsat beriladi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va yoshlar tadbirkorligi dasturlarining imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman (shahar) shtablariga o‘tkaziladi.
2026-yil 1-oktabrdan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hamda kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlariga tuman (shahar) shtablari qarorlari asosida tijorat banklari kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati (Kompaniya) tomonidan yoki belgilangan boshqa manbalar hisobidan kompensatsiya qilish mexanizmi joriy qilinadi. Bunda:
– tuman (shahar) shtablari mahalliy sharoit, loyihalarning samaradorligi va ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, kompensatsiya taqdim etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi, kompensatsiyadan maqsadli va samarali foydalanish uchun mas’ul hisoblanadi;
— tuman (shahar) shtablarining qarorlari kompensatsiya taqdim etish uchun asos hisoblanadi. Kompensatsiya taqdim etishda kredit tarixi, tadbirkor toifasi, barqarorlik reytingi va boshqa talablarning joriy etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
– tadbirkorlik sub’ektlarining qonunchilikda belgilangan umumiy tartibda Kompaniyaga kompensatsiya olish uchun bevosita murojaat qilish huquqi saqlab qolinadi;
– bir moliyalashtirish bo‘yicha bir xil foiz xarajatlarini 2-marta kompensatsiya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sherbek Islomov, O‘zA