Ayollarimiz sogʻlom turmush tarafdori
AYOLLAR SPORTI. Poytaxtimizdagi “Milliy” stadionida Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va mamlakatimiz velosiped sporti federatsiyasi tomonidan “Sogʻlom turmush tarzi tarafdorimiz” shiori ostida sogʻlomlashtirish mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Poytaxtimizdagi “Milliy” stadionida Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va mamlakatimiz velosiped sporti federatsiyasi tomonidan “Sogʻlom turmush tarzi tarafdorimiz” shiori ostida sogʻlomlashtirish mashgʻulotlari oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Jismoniy tarbiya va sport sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha istiqboldagi muhim vazifalar toʻgʻrisidagi majlis bayoni ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda poytaxtimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi 100 nafarga yaqin ayollar ishtirok etdi.

Mazkur sport tadbiridan koʻzlangan maqsad mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga doir davlat siyosatini samarali amalga oshirish, ularning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, shu bilan birga hayotimiz koʻrki va millatimiz kelajagi boʻlgan xotin-qizlarni har tomonlama sogʻlom va jismonan baquvvat boʻlishlarini taʼminlashdan iborat.

Tadbirda faol boʻlmagan, sport bilan shugʻullanmaydigan hamda uyushmagan xotin-qizlarga Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan murabbiy Lyudmila Markelova velosport boʻyicha mahorat saboqlarini oʻtkazdi.
– Har tong men toza havoda sayr qilib, oʻz salomatligimni tiklashga intilaman, – deydi Olmazor tumani Beruniy mahallasida yashovchi Naziraxon Saidahmedova. – Hozir nafaqadaman shu bois ham koʻp vaqtim boʻsh boʻladi. Nabiralarim va farzandlarimni doimo sport bilan shugʻullanishga undayman. Zero, sport bilan shugʻullangan insonning tani sogʻlom, kayfiyati aʼlo boʻladi.