Ayollar tadbirkorligi bo‘yicha yangi loyiha
“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ko‘magida «O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini xalqaro global indeks talablari asosida yuritish tizimini yaratish» mavzusida ilmiy-amaliy loyiha amalga oshirildi.
Ta’kidlanganidek, rivojlangan davlatlarda ayollar tadbirkorligi muhitini aniqlovchi bir qator xalqaro standartlar mavjud bo‘lib, uning rivojlanish darajasi “Ayollar tadbirkorligi global indeksi” deb nomlanadigan davlatlar reytingini belgilab beruvchi xalqaro hujjat bilan aniqlanadi.
“Ayollar tadbirkorligi global indeksi” butun dunyoda ayollar tadbirkorligi rivoji istiqbollarini o‘lchab beradi. Ayollar tadbirkorligi rivojini 3 ta asosiy omil: tadbirkorlik muhiti, tadbirkorlik ekotizimi va ayollarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istaklari belgilab beradi. Ushbu hujjatni tayyorlashda bir qator omillar hisobga olinadi. Ayollarning biznes sohasida yaratilgan ta’lim tizimi va resurslaridan, davlat organlari va tijorat banklari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar infratizimidan foydalanish imkoniyatlari, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha statistik ma’lumotlarni yig‘ish va taqdim etish masalalari kabi omillar shular jumlasidandir.
Tadbirkorlikni, xususan, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, bevosita shu sohadagi qonunchilik asoslarini ham takomillashtirib borishni talab etadi.
Shu nuqtai nazardan, tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay biznes muhiti yaratish borasida amalga oshirilgan islohotlarga ham to‘xtalib o‘tildi.
O‘zbekistonning “Ayollar tadbirkorligi global indeksi”ga a’zo davlatlar qatoriga kirishi mamlakatimizda ayollar tadbirkorligi rivoji va istiqbollarini dunyoning rivojlangan mamlakatlari standartlarida o‘lchash imkoniyatini beradi.
Loyiha doirasida “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligi to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarni yig‘ish va taqdim etish tizimidagi muammolar, ayollar tadbirkorligini rivojlantirishni tartibga soluvchi amaldagi qonunchilik, ayollar tadbirkorligi uchun biznes muhiti tahlil qilindi.
O‘zbekistonning ushbu global reytingda qatnashishi ayollar tadbirkorligi holatining rivojlangan mamlakatlar orasida solishtiruv tahlilini amalga oshirish, global reyting indikatorlari orqali mavjud muammolarni aniqlash, ayollar tadbirkorligi muhitini yanada takomillashtirish, shuningdek, xalqaro hamjamiiyat tomonidan mamlakatimizga nisbatan ijobiy yondashuv yanada yuksalishiga xizmat qiladi.