“Ayollar sport olimpiadasi”ga tayyorgarlik masalasi ko‘rib chiqildi
Joriy yilning 14-15-iyun kunlari poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” sport majmuasida xotin-qizlar o‘rtasida “Ayollar sport olimpiadasi” o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Kuni kecha xotin-qizlar o‘rtasida ilk bor tashkil etilayotgan mazkur ommaviy sport tadbirini yuqori saviyada o‘tkazishga bag‘ishlangan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, Sport vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov, Sport vaziri maslahatchisi Sharifjon Mo‘minjonov va hamkor tashkilotlarning mutasaddilari har bir yo‘nalish bo‘yicha qilingan ishlar, o‘tkazilgan saralash musobaqalari, ularni boshqarib boradigan mutaxassislar hamda ishtirokchilarni kutib olish, joylashtirish, ularning xavfsizligi, salomatligi xususida so‘z yuritdi.

Muloqot jarayonida “Ayollar sport olimpiadasi” dasturidan o‘rin olgan sport musobaqalari bilan birgalikda o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlar mundarijasi tahlil qilindi.

Yig‘ilishda musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish, bellashuvlarni adolatli va shaffof o‘tkazish, ishtirokchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda tashkiliy masalalar yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berildi.
Mazkur musobaqa xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, sportni ommalashtirish hamda xotin-qizlarning sportdagi faolligini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA