Ayollar salomatligi prokuratura nazoratida
Farg‘ona viloyati prokuraturasi organlari tomonidan xotin-qizlarni har tomonlama ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, himoya qilish, shu jumladan, ulardagi turli kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va davolashni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, Oltiariq tumanidagi o‘rganishlarda hududda 30 yoshdan oshgan ayollar o‘rtasida onkologik va boshqa ayrim kasallik turlari yuqoriligi ma’lum bo‘lgan. Kasalliklar kech bosqichda aniqlanganligi tufayli og‘ir oqibatlar kuzatilgan. Shunga ko‘ra, tuman prokuraturasi tashabbusi bilan tuman hokimligi va mutasaddi idoralar hamkorligida qo‘shma farmoyish ishlab chiqilib, ishchi guruh tuzildi.Tumandagi 30 yosh va undan yuqori bo‘lgan 37 ming nafarga yaqin ayollarda onkologik va boshqa kasalliklarni erta bosqichda aniqlash maqsadida ixtiyoriy, bepul tibbiy ko‘rik o‘tkazilmoqda.

Hozirgi kunga qadar qariyb 15 ming nafarga yaqin ayollar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan kasalliklar yuzasidan 2,3 ming nafarini ambulatoriya, 154 nafarini esa statsionar sharoitlarda davolash belgilab olindi. Shuningdek, saraton, yurak-qon tomir va boshqa kasalliklar aniqlangan xotin-qizlarning 20 nafari viloyat shifoxonalarida, 134 nafari tuman shifoxonalarida bepul davolanishi ta’minlanmoqda.

Ambulatoriya sharoitida davolanish belgilab olingan ayollarga mutaxassislar tomonidan davolanishlari bo‘yicha zarur tibbiy tavsiyalar berildi. Bu boradagi tadbirlar davom etmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA