Ayollar qaysi sohalarda korrupsiyaviy xatarlarga ko‘proq duch kelmoqda?
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish va jamiyatda gender tenglikni ta’minlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Biroq shu vaqtgacha global miqyosda ham, milliy darajada ham korrupsiya ko‘pincha “gender-neytral”, ya’ni xotin-qizlar va erkaklarga bir xil ta’sir ko‘rsatuvchi hodisa sifatida baholanib kelingan.

Vaholanki, xalqaro tadqiqotlar korrupsiya jamiyatning zaif qatlami, xususan, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga, sog‘liqni saqlash, ta’lim va davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlariga nisbatan salbiy ta’sir ko‘rsatishini tasdiqlamoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida va Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida “O‘zbekistonda gender va korrupsiya: tub o‘zgarishlar sari” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda shu haqda gap bordi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni yaxshilanayotgani natijasida mamlakatimiz genderga oid xalqaro majburiyatlarini samarali bajarayotganini ta’kidladi.
Ayollarning jamiyatdagi o‘rni yaxshilanishi, munosib kasblarda ishlashi, ayniqsa, rahbarlik lavozimlarini egallashi uchun to‘siq bo‘layotgan omillar izchillik bilan bartaraf etilmoqda.
Shuni ham aytib o‘tish kerakki, ayollar tomonidan korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yilishi masalasiga ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Garchi, bu umumiy jinoyatchilik tarkibida nisbatan kam ulushni tashkil etsa-da, ularni korrupsiyaga undayotgan ijtimoiy-iqtisodiy omillar, ularning mehnat sharoitlari hamda huquqiy himoyasi masalalarini qayta ko‘rib chiqish zarurligini taqozo qiladi.

Tadbirda BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda va Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida o‘tkazilgan “O‘zbekistonda gender va korrupsiya: tub o‘zgarishlar sari” nomli tadqiqot natijalari ham taqdim etildi.
Tadqiqot doirasida xalqaro hujjatlar va milliy qonunchilik tahlil qilinib, respondentlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi.
So‘rov ishtirokchilarining qariyb 70 foizi “suyunchi”, “tanish-bilish” kabi norasmiy amaliyotlar, shuningdek oilaviy marosimlar bilan bog‘liq ijtimoiy kutilmalar korrupsiya tarqalishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlagan.
Tadqiqotning yana bir muhim yo‘nalishi – ayollar qaysi sohalarda korrupsiyaviy xatarlarga ko‘proq duch kelayotganini aniqlashga qaratildi. Ishtirokchilar ayollar, asosan, tibbiy xizmatlardan foydalanish, oilaga g‘amxo‘rlik qilish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq jarayonlarda korrupsiyaviy xatarlarga ko‘proq duch kelishini ta’kidladi.
Tadqiqot natijalari ayollar uchun korrupsiya bilan bog‘liq holatlarda murojaat qilish va himoya mexanizmlarini yanada xavfsiz, qulay hamda genderga sezgir asosda takomillashtirish zarurligini ko‘rsatdi.
Shu asosda korrupsiyaga qarshi islohotlar samaradorligini oshirishga qaratilgan qator tavsiyalar ishlab chiqildi.
Parlament, sud hokimiyati, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vazirlik va idoralar, diplomatik korpus hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etgan tadbirda genderga sezgir yondashuvlarni korrupsiyaga qarshi qonunchilik va siyosatga joriy etish zarurligi aytildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish va gender tengligini ta’minlash yo‘nalishida faoliyat yurituvchi tuzilmalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, ijtimoiy stereotiplarga qarshi kurashish hamda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish taklif etildi.
N.Abduraimova,
O‘zA