Ayollar futbolida “qo‘sh hokimlik”
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar chempionati oliy ligasida navbatdagi 7-tur o‘yinlaridan keyin ham turnir jadvalidagi “qo‘sh hokimlik” saqlanib qoldi.
Karvonboshilardan biri – O‘zbekistonning amaldagi chempioni va mamlakat kubogi sohibi Jizzaxning “So‘g‘diyona-W” jamoasi Namangan shahrida “Navbahor-W” xotin-qizlari mehmoni bo‘ldi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limi teng kurashlar ostida o‘tdi. Har ikki jamoa a’zolari raqibalari darvozasi oldida xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirgan bo‘lsada, hisobni ochish hech bir jamoaga nasib etmadi. Shu tariqa jamoalar 0:0 hisobida tanaffusga chiqdi.

Murabbiylaridan kerakli ko‘rsatmalarni olgan “So‘g‘diyona-W” klubi qizlari ikkinchi bo‘limni kutilganidek keskin hujumlar bilan boshladi. Ushbu bo‘limning 1- (o‘yinning 46-) daqiqasidayoq jizzaxlik qizlar o‘z ustunliklarini namoyon etdi – 0:1. Gol muallifi “So‘g‘diyona-W” klubi hamda O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi hujumchisi Diyora Habibullayeva bo‘ldi. Namanganlik raqibalari darvozasiga ikkinchi golni esa o‘yinning 78-daqiqasida “So‘g‘diyona-W”ning yana bir iqtidorli futbolchisi Dildora Ergasheva kiritdi – 0:2.
Uchrashuvning 87-daqiqasida chempionat to‘p urari jizzaxlik Diyora Habibullayeva namanganliklar darvozasiga 3-, chempionatdagi 16-golini kiritib, ushbu o‘yinda “dubl” qayd etishga muyassar bo‘ldi. “Navbahor-W” (Namangan) – “So‘g‘diyona-W” yakuniy hisob – 0:3.

Chempionat karvonboshilaridan yana biri Qarshining “Sevinch-W” jamoasi Bekobodda “Metallurg-W”ga qarshi maydonga chiqib, maydon egalariga hech qanday imkoniyat qoldirmay yirik hisobda mag‘lub etdi. “Metallurg-W” – “Sevinch-W” – 1:7.
7-turning qolgan uchrashuvlarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Qizilqum-W” (Navoiy) – “Neftchi-W” (Farg‘ona) – 1:0, “Bunyodkor-W” (Toshkent) – “Lokomotiv-W” (Toshkent) – 7:0.
Ushbu turdagi Toshkentning “Paxtakor-W” va Olmaliqning AGMK-W jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv joriy yilning 8 iyunida bo‘lib o‘tadi. O‘tkazilgan 7 uchrashuvdan so‘ng 19 tadan ochko jamg‘argan Qashqadaryoning “Sevinch-W” hamda Jizzaxning “So‘g‘diyona-W” xotin-qizlar klublari turnir jadvalida qo‘shaloq karvonboshilik qilmoqda. Ulardan 1 ochko kam (18 ochko) jamg‘argan Toshkentning “Bunyodkor-W” jamoasi qizlari uchinchi pog‘onada bormoqda.

Futboli mutaxassislari, mamlakat chempionligi aynan shu uchalla jamoa o‘rtasida hal bo‘lishini, agar Olmaliqning AGMK jamoasi o‘yinini kuchaytirsa, bu uchlik safiga qo‘shilishi mumkin, degan fikrni aytmoqda. Lekin dono xalqimiz aytganidek, jo‘jani kuzda sanaydilar. Chempionatda endigina 7 tur ortda qoldi, hali hech narsa hal bo‘lgani yo‘q, chempionat bu yil kimga nasib etishini esa vaqt ko‘rsatadi.
A.QAYUMOV, O‘zA