“Ayollar daftari” dagi xotin-qizlar ishli bo‘ldi
Istiqbolli sohalarga salohiyatli investorlarning jalb etilishi hudud iqtisodiyotini haqiqiy ma’noda ko‘tarishga xizmat qiladi. Yirik loyihalar ro‘yobga chiqishi evaziga bozorlar to‘kinligi ta’minlanadi, byudjetga tushum ko‘payadi. Asosiysi, aholini qiynaydigan ishsizlik muammosi yechim topadi, odamlarning doimiy daromad manbai paydo bo‘ladi.
Keyingi yillarda sarmoyaviy faollik qo‘llab-quvvatlanayotgani ham bejizga emas. Imkoniyatlar kengligi tadbirkorlar tomonidan yirik loyihalar amalga oshirilishiga turtki bo‘lyapti. Qarshi tumanida bundan 3 yil avval ish boshlagan “Taraqqiyot sari servis” MCHJ ni bunga misol qilib keltirish mumkin.
– Faoliyatimiz ko‘proq qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan, – deydi jamiyat rahbari Asomiddin Rahmonov. – Qarshi tumani Xonobod mahallasi hududidan yer olganmiz. Dastlab 20 gektar maydonda gidroponika usulida zamonaviy issiqxona tashkil qildik. Bunda Koreya texnologiyasiga murojaat etdik. Issiqxona energiya tejamkor uskunalar bilan jihozlangan. Sug‘orish, o‘g‘itlash kabi jarayonlar avtomatlashtirilgan. Bu esa yuqori hosil olishga imkon yaratyapti.
[gallery-10357]
Tadbirkorning aytishicha, ayni paytda bu yerda 3-4 xil sabzavot yetishtirilmoqda. Pomidor va bodringning turlicha navlari bor. Pishib yetilgan mahsulot peshma-pesh bozorlarga chiqarilyapti. Ushbu noz-ne’matlar yurtimiz bo‘ylab yetkazilmoqda.
– Keyingi ekin mavsumida eksportbop mahsulot yetishtirishga asosiy urg‘u bermoqchimiz, – deydi ishbilarmon. – Bir-ikki oy ichida 12,5 gektar issiqxonaga sara nav ko‘chatlar o‘tqazamiz. Mahsulotga xorijda xaridor borligi xavotirga o‘rin qoldirmaydi.
Jamiyat qoshida 10 gektar maydonda bog‘ ham barpo qilingani e’tiborga molik. Unda asosan o‘rik parvarish qilinmoqda. Bog‘ maydonini yanada kengaytirish rejada bor. Tadbirkor kelgusida chorvachilikni ham muhim tarmoq sifatida ko‘rmoqda. Yirik shoxli qoramol boqish, go‘sht yo‘nalishida ish olib borish maqsad qilingan. Shuni ko‘zlab Yevropadan zotli qoramol olib kelishga kirishilgan. Zero, jamiyat ixtiyorida buning uchun sharoit bor. Dehqonchilik va chorvachilikka bir-birini to‘ldiruvchi tarmoq sifatida qaralmoqda. Ozuqa bog‘ orasi va ochiq maydonda yetishtiriladi, chorvadan olinadigan mahalliy o‘g‘it mo‘l hosildorlikni kafolatlaydi.
Ushbu jamiyat yutuqlarida ishchilarning mehnatini ham alohida e’tirof etish kerak. Ularning asosiy qismi xotin-qizlar. Ko‘pi “Ayollar daftari” da turgan. Mazkur loyiha amalga oshgani Xonobod, Hilol va Qoratikon qishloqlari ahli uchun ayni muddao bo‘lgan. Muhimi, ishchilar uchun zarur barcha sharoit yaratilgan. Ishga borib-kelish uchun transport qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.