Ayoli e’zozlangan yurt targ‘ibot tadbiri
Guliston shahrida "Yangi Konstitutsiya – xalq dardiga quloq soluvchi davlat asosi" shiori ostida "Ayoli e’zozlangan yurt" nomli targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ishtirok etgan respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyat va tuman “Oqila ayollar” harakati yetakchilari, otinoyilar, mahallalardagi xotin-qizlar faollari, ko‘chaboshilar, turli sohada faoliyat yuritayotgan ayollar hamda faol xotin-qizlardan iborat targ‘ibot guruhi tomonidan yangilanayotgan Konstitutsiyadagi o‘zgartirishlar, inson qadri, oila, ayollar va bolalarga berilayotgan huquqlar, mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ta’kidlab o‘tildi.


Tadbir doirasida “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turgan nogironligi bo‘lgan 115 nafar xotin-qizlarga nogironlik aravachasi, hassa, eshitish moslamasi kabi reabilitatsiya vositalari topshirildi. Ayniqsa, hunarmandchilik yo‘nalishida ish olib borayotgan xotin-qizlar, tadbirkor, hunarmand ayollarning milliy hunarmandchilik namunalaridan tashkil etilgan ko‘rgazma barchada qiziqish uyg‘otdi. Viloyat musiqali drama teatrida so‘zga chiqqan viloyat “Oqila ayollar” harakati rahbari, senator Hayotxon Ortiqbayeva, Respublika tojik milliy madaniy markazi raisi Gulandom Subhanova, Shirin shahar “Farhod” MFY xotin-qizlar faoli Shohista G‘afforova, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Hilola Obidova, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi mutaxassisi, “Shuhrat” medali sohibi Dilorom Ismadiyorova va boshqalar yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan ijobiy o‘zgarishlar, olib borilayotgan islohotlar, jamiyatda ayollarning roli va o‘rni, ularga yaratilayotgan sharoitlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.


Yangilanayotgan konstitutsiyamizda ayollarning huquqlari mustahkamlanayotganligi ta’kidlandi. Inson omilining birinchi darajaga chiqarilayotgani tahsinga loyiqligi alohida e’tirof etildi. Targ‘ibot tadbirida 30 aprel – umumxalq referendumida barcha oila-a’zolari bilan birgalikda o‘zlarining huquqlaridan foydalanib, faol ishtirok etib, ovoz berishlari har bir O‘zbekiston fuqarosining burchi ekanligi ta’kidlandi. Taniqli san’at ustalari va yosh ijodkorlar ishtirokidagi konsert dasturi tadbir ishtirokchilariga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.




Shuhrat Suyarov, O‘zA