Ayolga e’tibor – kelajakka e’tibor
Bugungi kunda yurtimizda ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazining “Ayol farovonligi – taraqqiyot va barqarorlikning poydevoridir” loyihasi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 2025 yil so‘nggida moliyalashtirilgan bo‘lib, Xatirchi tumanining Langar va Oqtepa mahallalarini qamrab olgan.

– Jamiyat taraqqiyoti va barqaror rivojlanishini ayollarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi, – deydi “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi rahbari Gulhayo Ravshanova. – Bugungi kunda ayollarimizni nafaqat moddiy ta’minlash, balki ularning huquq va erkinliklari, ta’lim olishi, sog‘lig‘ini muhofaza qilish, o‘z iqtidorini ro‘yobga chiqarishi borasida ham keng ko‘lamda shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Loyihaning birinchi bosqichida Xatirchi tumani Oila va xotin-qizlar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish hamda Mahallalar uyushmasi tuman bo‘limlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Shuningdek, mahallalarda tashkil etilgan “Kashtachilik markazi” uchun o‘quv xonalari zarur jihozlar bilan ta’minlandi.

Loyiha doirasida Langar mahallasidan 18 nafar, Oqtepa mahallasidan esa 17 nafar ishsiz xotin-qizlarni kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash maqsadida xomashyolar yetkazib berildi. “Munira New Brand” MCHJ hamda loyiha trenerlari tomonidan 60 soatlik “Kashtachilik” o‘quv dasturi ishlab chiqilib, ushbu dastur asosida bepul dars mashg‘ulotlari tashkil etildi.

– Ayollarning kasb egallashi, o‘zini o‘zi band qilishi va daromad manbaiga ega bo‘lishi nafaqat oila farovonligi, balki butun jamiyat barqaror rivojining muhim omilidir, – deydi Oqtepa mahallasida yashovchi Gulchehra Mo‘minova. – Uyimiz yonida tashkil etilgan bu markaz biz qishloq ayollari uchun juda qulay bo‘ldi. Ilgari kashtachilikka qiziqsam-da, o‘rganish imkoniyatim yo‘q edi. Endi esa bepul o‘qib, berilgan xomashyo orqali daromad topish imkoniga ega bo‘ldim.

Loyiha samaradorligini ta’minlash va uning barqarorligini mustahkamlash maqsadida o‘qitilgan xotin-qizning har biriga “ustoz-shogird” an’anasi asosida 3-5 nafardan uy bekalari va yoshlar biriktiriladi. Natijada 120 nafardan ortiq xotin-qiz kashtachilikka o‘qitilib, ularning iqtisodiy ahvolini yaxshilashga ko‘maklashiladi. Kelgusida Langar va Oqtepa mahallalarini kashtachilikka ixtisoslashgan mahallaga aylantirish rejalashtirilgan. “Ayol farovonligi – taraqqiyot va barqarorlikning poydevoridir” loyihasi esa shu maqsadga xizmat qilayotgan amaliy tashabbuslardan biridir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri