Ayol tadbirkor – oila va jamiyat taraqqiyotining tayanchi
Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan bu galgi ochiq muloqoti yurtimiz ishbilarmon doira vakillari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Unda belgilangan dolzarb vazifa va maqsadlar tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash barobarida yangi ish o‘rinlari yaratilishi, aholi daromadlarini oshirish, hududlar rivojini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
Mazkur uchrashuv mazmun-mohiyati, ayniqsa, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan islohotlar ahamiyati xususida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Barno Berdiyeva o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Xorazm zaminida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida bildirilgan fikr va tashabbuslar, eng avvalo, tadbirkorlikni yangi sifat bosqichiga olib chiqish, biznes va davlat munosabatlarini yanada mustahkamlash, insonlarni doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularni zamonaviy tadbirkorlikka keng jalb etish va ayol tadbirkorlarning yangi avlodini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani e’tiborga molik. Zero, ayol tadbirkor – bu faqat o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan inson emas, u avvalo, oilasi farovonligini mustahkamlaydi, yangi ish o‘rinlari yaratadi, mahallada boshqa xotin-qizlar uchun ham imkoniyat eshigini ochadi. Shu ma’noda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bir vaqtning o‘zida oila daromadini oshirish, bandlikni ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali vositalaridan biri.
So‘nggi yillarda bu yo‘nalishda mutlaqo yangi tizim shakllandi. Xususan, 2026-yilda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion so‘m resurs ajratilishi, shundan 43 trillion so‘mi xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi belgilangan. Ushbu raqamlar zamirida katta maqsad mujassam. Ya’ni, xotin-qizlarga shunchaki kredit yoki imtiyoz berish emas, balki ularni mustaqil daromad topadigan, ish o‘rni yaratadigan, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqaradigan va, eng muhimi, o‘z biznesini kengaytira oladigan faol iqtisodiy sub’ektga aylantirish vazifasi turibdi.
Ayniqsa, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yondashuvlar bu borada katta imkoniyat yaratadi. “Mahallada sanoat va xizmat” loyihasi doirasida minglab ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini ishga tushirish uchun yirik moliyaviy resurslar ajratilishi belgilangan. Xotin-qizlar bu imkoniyatlardan keng foydalanishida ularni kasbga o‘rgatishdan boshlab, biznes-reja tuzish, moliyalashtirish, mahsulotni bozorga olib chiqish va eksportga yo‘naltirishgacha bo‘lgan yaxlit tizimni yaratish muhim.
Shu jihatdan qaraganda, ochiq muloqotda tadbirkorlikni “biznesni boshlash” bosqichidan “kapitalni ko‘paytirish” bosqichiga o‘tkazish bo‘yicha ilgari surilgan maqsadlar ayol tadbirkorlar uchun ham yangi imkoniyatlar davrini boshlab beradi. Endi xotin-qizlar tadbirkorligini faqat mikrobiznes doirasida emas, balki kichik va o‘rta biznesni kengaytirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish, raqamli texnologiyalardan foydalanish va tashqi bozorlarga chiqish nuqtai nazaridan rivojlantirishimiz lozim.
Eng muhimi, bu jarayonda xotin-qizlarning tadbirkorlikka kirib kelishini emas, balki muvaffaqiyatli biznesni saqlab qolishi va uni yanada kengaytirishini ta’minlashimiz zarur. Buning uchun “ustoz – shogird” an’anasini rivojlantirish, tajribali ayol tadbirkorlarni yangi boshlayotgan ishbilarmonlarga biriktirish, biznes ta’limi va mentorlik tizimini kuchaytirish muhim.
Ishonchim komilki, bu galgi muloqotda belgilangan yangi vazifalar ana shu islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Faol, bilimli, tashabbuskor va zamonaviy fikrlaydigan xotin-qizlarimiz safini kengaytirish esa Yangi O‘zbekiston iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishning muhim omillaridan biri bo‘lib qoladi.
Zero, ayolning qo‘lidagi imkoniyat – oilaning daromadi, mahallaning taraqqiyoti va jamiyatning farovonligi demak. Shu bois biz, parlament vakillari sifatida xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydigan mustahkam huquqiy asoslarni yanada takomillashtirish, joylarda yaratilgan imkoniyatlarning har bir mahallaga yetib borishini ta’minlash va ayol tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga bor kuch va salohiyatimizni safarbar etishimiz lozim.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA