Ayol qadri ulug‘langan yurt
Jamiyat taraqqiyoti, oilalar farovonligi va barkamol avlod tarbiyasida xotin-qizlarning o‘rni beqiyos. Yurtimizda ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, mehnat qilishi hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlarni targ‘ib etish, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada yuksaltirish maqsadida Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan “Ayol qadri ulug‘langan yurt” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi hamda institut vakillari mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ta’lim olishi, kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, ta’lim muassasasida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, talaba-qizlarning bilim olishi va o‘z iste’dod hamda qobiliyatlarini namoyon etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida fikr bildirildi.

Muloqot davomida ayolning oiladagi va jamiyatdagi o‘rni, uning ma’naviy kamoloti, huquqiy savodxonligini oshirish hamda yosh qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tdi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr va takliflarini bildirib, xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish va ularning jamiyatdagi faolligini yanada oshirish borasida o‘zaro fikr almashdilar.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri