Ayol – millatning guli, mamlakatning sha’nidir
Har bir oilada gul parvarishiday nozik qalb egalari bor. U ayoldir, u qizdir. Bugun bu muhtarama opa-singillarimiz bizlar bilan bir qatorda yelkadosh bo‘lib hayotning turli jabhalarida, davlat va jamiyat boshqaruvi, ta’lim-tarbiya yoki sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va boshqa sohalarda mehnat qilmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz o‘z tashabbuslari bilan xotin-qizlarning faolligini yanada oshirish, ularning mavqeini yuksaltirish, huquqlarini har tomonlama himoyalash, jamiyatda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishi uchun zarur ijtimoiy, siyosiy-iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratish masalasiga doimiy e’tibor berib kelmoqda. Bu borada yaqin yillar ichida o‘ziga xos huquqiy himoya tizimi yaratildi. Natijada esa ayollarning siyosiy va ijtimoiy hayotdagi ishtiroki sezilarli darajada oshdi. Buni raqamlar ham tasdiqlaydi. 2017 yilda boshqaruv sohasida xotin-qizlarning ulushi 20 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 35 foizga yetdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizini, Senat a’zolarining 27 foizini ayollar tashkil etmoqda. Ayollarning davlat boshqaruvi va parlament faoliyatidagi ishtirokining kuchayishi jamiyatimiz rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Aql-zakovatli, bilimli va iste’dodli xotin-qizlarimiz davlat hamda jamiyatning barcha sohalarida namuna bo‘lmoqda.
Haqiqatki, millat ayollarining jamiyat boshqaruvidagi va siyosiy jabhalardagi faollari bugun paydo bo‘lgan jarayon emas. Mamlakatimiz tarixida azaldan o‘zining chuqur ildiziga ega bo‘lgan xotin-qizlarimizning o‘zbek davlatchiligini shakllantirishdagi o‘rni massagetlar sardori malika – To‘maris, Bibixonim, Xonzodabegim kabi shijoatli ayollarning bilvosita davlat boshqaruvida ishtiroki, XIX asrda Nodirabegimning xonlik amiri bilan bir safda fan, san’atga homiylik qilishi – O‘zbekistonda gender tenglik masalalari kechagi masala emasligini ko‘rsatadi.
“Hech bir ayol davlat va jamiyat e’tiboridan chetda qolmaydi” degan qat’iy tamoyil asosida davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida olib borilayotgan ishlar bugun o‘z natijasini ko‘rsatmoqda. Ya’ni xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mavjud normativ-huquqiy baza xalqaro standartlar asosida takomillashtirildi, tashkiliy-institutsional baza mustahkamlandi, strategik va konseptual hujjatlar qabul qilindi hamda ularning ijrosi sifatli ta’minlanmoqda. Gender tenglikka erishish, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shuningdek, o‘qib-izlanish, ilm olish yo‘lini tanlagan qizlarimizning davlat rahbari tomonidan alohida qo‘llab-quvvatlanishi, hukumat qarori bilan oliy ta’lim muassasasining magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt summasini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berish tartibini joriy etilishi, talaba xotin-qizlarga foizsiz ta’lim krediti ajratilishi, bu kabi islohotlar qanchadan qancha xonadonlarni shodlikka to‘ldirdi va minglab xotin-qizlarimiz taqdirida o‘chmas iz qoldirdi.
Har sohada xotin-qizlarimizni oyoqqa turishiga ko‘mak berayotgan, ular uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib, yuksak g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan mamlakat yetakchisi sa’y-harakatlari – ayollarimizning jamiyatda egallab borayotgan salmoqli o‘rnida aks etmoqda.
Bugun ularning ko‘zi quvonch va baxtdan, ishonch va ardog‘dan porlamoqda, yonmoqda. Muhtarama ayollarimizning vujudidagi bu shiddat cho‘g‘i, davlat rahbarining mehri va ehtiromi – ertaga Yangi renessans davrini boshqarishga qodir avlodni yetishtirishga, mamlakatda yana Alpomishlar, Manguberdilar, Temurlar va Navoiylar ulg‘ayishiga zamin yaratadi.
Bahodirjon Shermuhammadov,
Farg‘ona davlat universiteti rektori, professor
O‘zA