Ayol baxtli bo‘lsa, oila baxtli bo‘ladi
Poytaxtimizdagi Milliy bog‘da Toshkent shahar hokimligi tomonidan “Ayol baxtli bo‘lsa, oila baxtli bo‘ladi, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtli bo‘ladi!” shiori ostida ayollar uchun madaniy-ma’rifiy targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davlat mukofotlari sohibalari, “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni sohibalari, “Oqila ayollar” harakati, faol xotin-qizlar, sport, san’atda muvaffaqiyatga erishgan, davlat va jamiyat ravnaqi uchun xizmat qilgan xotin-qizlar, korxona, tashkilotlarning xotin-qizlar boshlang‘ich tashkilotlari faol vakillari hamda mahalladagi faollar ishtirok etdi.

Unda bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularni baxtli qilish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun olib borilayotgan islohotlar xususida so‘z yuritildi.

Jumladan, xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasi, bandligini ta’minlash, tadbirkorligini rivojlantirish, salomatligini asrash, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar yangi mazmun kasb etmoqda.
Shuningdek, muvaffaqiyatga erishgan, xalq hurmatiga sazovor bo‘lgan faol va obro‘li opa-singillar e’tirof etildi. Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida davlat siyosati hamda Yangi O‘zbekistonda erishilgan natijalar borasida ma’ruzalar tinglandi.
Tadbir davomida iste’dodli shoir va shoiralar, san’atkorlar tomonidan she’r va kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA