Ayaqquduqliklarni qanday muammolar qiynamoqda?
Tomdi tumanining “Ayaqquduq” ovul fuqarolar yig‘ini eng olis hududlardan biri sanalib, aholi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi.
Tomdi tumanining “Ayaqquduq” ovul fuqarolar yig‘ini eng olis hududlardan biri sanalib, aholi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Ovulda bittadan maktab, bolalar bog‘chasi va qishloq vrachlik punkti faoliyat ko‘rsatmoqda.
Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Azamat Bozorov ovul aholisi bilan o‘tkazgan sayyor qabulda imtiyozli kreditlar olish, kadastr, pensiya bilan bog‘liq hamda un va gaz ballonlari ta’minoti, tibbiy xizmat ko‘rsatish kabi masalalar bo‘yicha fuqarolarning murojaatlarini o‘rgandi.
Uchrashuvda dastlab, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish maqsadida tijorat banklari mutasaddilari tomonidan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida jismoniy shaxslarga kredit ajratish tartibi va imtiyozlar xususida batafsil ma’lumotlar berib o‘tdi. Shuningdek, 4 sotix tomorqasiga ega va undan samarali foydalanayotgan, 50 bosh tovuq parvarishlayotgan va shu kabi yumushlar bilan band fuqarolar davlatga eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida to‘lagan taqdirda bir yillik ish staji hisoblanishi ta’kidlandi.
Sayyor qabulda tuman hokimi va uning o‘rinbosarlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tomdi tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri, ichki ishlar idoralari va viloyat tashkilotlari mutasaddilari, tumandagi korxona, tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.
Xalq bilan muloqotda 82 nafar ovul ahli ishtirok etib, 13 nafar fuqaro tomonidan 21 ta masala ko‘tarildi. Uchrashuv davomida 5 ta masala bo‘yicha mutasaddilar tomonidan huquqiy tushuncha berilib, 16 ta murojaat nazoratga olindi.
Ovulda istiqomat qiluvchi fuqarolar Tilibaev Berekbay, Juzbay Janabaev, Narqul Egamberdiev, Asamadin Berdimuratov uy-joyini kadastr qilishda amaliy yordam so‘radi. Mazkur masala yuzasidan uchrashuv yakunida maxsus ishchi guruh tuzilib, mutasaddilar hamkorligida muhokama etildi. Xullas murojaatlar joyiga chiqib tegishli tartibda o‘rganilib, belgilangan muddatda hal etiladigan bo‘ldi.
Nag‘ashbay Beytikov ovuldagi tez tibbiy xizmatdagi mummolardan shikoyat qildi. Viloyat 4-sektor rahbari va tuman hokimi masala bo‘yicha tuman tibbiyot birlashmasi rahbaridan izoh so‘rab, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish masalasini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha topshiriq berildi.
– Prezidentimizning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida sektorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yganini biz to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va tashakkur aytamiz, – deydi ovulda yashovchi fuqaro Jarilqasin Do‘stqabulov. – Ayniqsa, aholi muammolari va murojaatlarini o‘rganishda rahbarlarning eng chekka hududlarga tashrif buyurayotgani e’tibordan chetda qolib ketgan yoki yechimini kutib yotgan masalalarni tez hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i ham ovuldoshlarimizning dardini tinglab, har biriga jiddiy e’tibor qaratganidan mamnunmiz.
Uchrashuv so‘ngida ovul fuqarolariga 100 ta kitob tarqatildi.