Axborot xizmatlari mas’ullari Samarqandda tajriba almashmoqda
Samarqandda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tizimidagi axborot xizmati xodimlari ishtirokida “Axborot xizmati xodimlarining jamoatchilik bilan samarali ishlashida Samarqand tajribasi” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Samarqand viloyat hokimligi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilayotgan tadbir ishtirokchilari dastlab viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmati media markazi ochilish marosimida qatnashdi.
Tadbirda bugungi kunda turli soha va tarmoqlar faoliyatidan aholini xabardor etish, jamoatchilik bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishda axborot xizmatining o‘rni nechog‘lik muhim ekanligi ta’kidlandi. Aholining axborotga bo‘lgan talabini qondirish, jamiyatdagi o‘zgarishlarni xolis yetkazish borasida ayni paytdagi muhim masalalarni tashkilotlarning axborot xizmatlari samarali olib borayotganligi qayd etildi. Boshqarmada tashkil etilgan media markaz sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligini saqlash sohasidagi islohotlarni, uning samaradorligini oshirishda munosib xizmat qilishi ta’kidlandi.
[gallery-17502]
Amaliy seminarda qo‘mita axborot siyosati mas’ullari, viloyatlar axborot xizmatlari xodimlari ishtirok etib, Samarqand viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmati faoliyatini atroflicha o‘rganib, to‘plangan tajribalarni ommalashtirish bo‘yicha fikr almashdi.
– Samarqand bugungi kunda har bir sohada ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etmoqda, – deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Maftuna Saidova. – Aynan axborot siyosati masalasida olib qaraydigan bo‘lsak, bevosita bizning sohamizda ham axborot xizmatining tashkil etilishi va unga tegishli mutaxassislarning jalb qilinishi kutilgan samarani bera boshladi. Va shuning natijasida biz bugun respublikaga Samarqand tajribasini ommalashtiryapmiz.
Seminar davomida viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar, adliya boshqarmalari mas’ullari, shuningdek, viloyatdagi nufuzli ommaviy axborot vositalari mutasaddilari ishtirokida axborot olish, tarqatish, tanqidiy chiqishlarga munosabat bildirish, dolzarb mavzulardagi bayonotlarni berish tartiblari yuzasidan fikr-mulohahazalar bildirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari