Axborot sohasida tajriba almashish – davr talabi
Toshkent shahri mezbonlik qilgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar vazirlik va idoralari matbuot kotiblarining “Axborot xizmatlari – 2024: milliy va xorijiy tajriba” mavzucidagi qo‘shma o‘quv-seminari ishtirokchilari 30 may kuni Samarqand shahrida bo‘ldi.
Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda yurtimizdagi davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan matbuot kotiblari Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati misolida mamlakatimizdagi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari axborot xizmatlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Ta’kidlandiki, davlatimiz rahbarining 2019 yil 27 iyunda qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ommaviy axborot vositalarining faoliyati uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish, davlat va jamiyat o‘rtasida sifatli muloqotni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Mazkur hujjat natijasida axborot xizmatlari ham aholiga islohotlarning maqsadi, vazifalari va natijalari haqida tezkor, xolis va to‘liq axborot yetkazish vositasi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari va jamiyat o‘rtasida haqiqiy ishonchli ko‘prikka aylandi. Matbuot kotiblari maqomi oshirilib, axborot xizmatlarining kadrlar va moddiy-texnik ta’minoti mustahkamlandi.
[gallery-17628]
– Prezidentimiz qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyati hokimligi tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi, – deydi Samarqand viloyati hokimligi Axborot xizmati rahbari Manuchehr Mirzayev. – Ijodiy va texnik xodimlardan iborat axborot xizmati jamoasi shakllantirildi. Eng so‘nggi rusumdagi asbob-uskunalar va texnikalar sotib olindi. Ayni paytda axborot xizmatida sakkizta videokamera, oltita professional videomontaj kompyuteri, dron, turli o‘lchamdagi ob’ektivlar va barqaror tasvirlarni ta’minlovchi uskunalar mavjud. Shuningdek, viloyatning turli hududlaridan voqea-hodisalarni jonli tarzda onlayn translyatsiya qilish imkoniyati yaratilgan. Jamoamiz hozir bir necha tillarda kuniga uchtadan o‘ntagacha material, jumladan, video va fotoreportajlar tayyorlamoqda. Barcha ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda sahifalar tashkil etilgan. 2022 yildan buyon o‘zbek va rus tillarida “Samarqand hafta ichida: axborot xizmatlari xabar beradi” deb nomlangan axborot-tahliliy ko‘rsatuv namoyish etilmoqda.
Bugungi kunda viloyatdagi 1520 ta tashkilotda media makon va blogosferadagi vaziyat uchun ma’sullar biriktirilgan. 1044 korxonada matbuot kotibi shtati mavjud. 476 ta korxonada esa matbuot xizmati biror bir xodimga biriktirilgan va buning uchun uning ish haqiga 50 foizgacha ustama beriladi.
– Hozirgi axborot asrida davlat organlari va jamoatchilik o‘rtasida yaqinlikni ta’minlashda axborot xizmatlarining o‘rni juda katta, – deydi Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vazirligi Axborot qo‘mitasi jamoatchilik bilan aloqalarni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Aksholpan Marat. – Odamlar davlat boshqaruvi idoralari faoliyatidan xabardor bo‘lishni, har bir voqea-hodisaga tezkor munosabat bildirilishini xohlaydi. Axborot xizmatlari aynan shu vazifani bajarishda eng qulay platformadir. O‘quv -seminar davomida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlardagi hamkasblarimiz faoliyati bilan, jumladan, O‘zbekistondagi axborot xizmatlari ishi bilan yaqindan tanishdik. O‘zaro fikr almashuvlar barchamiz uchun foydali bo‘ldi, global ahamiyatdagi dolzarb masalalar yuzasidan qarashlarimizni bildirdik.
Mehmonlar Samarqanddagi muqaddas qadamjolar, tarixiy-madaniy yodgorliklarni ziyorat qildi. Samarqand viloyatidagi hokimliklar axborot xizmatlari mas’ullari bilan fikr almashdi.
– Biz – Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo qardosh mamlakatlar axborot xizmatlari bir-birimizning faoliyatimiz bilan tanishib, tajriba almashishimiz juda foydali bo‘lmoqda, – deydi Ozarbayjondagi “Oson” xizmati axborot xizmati rahbari Elnur Niftaliyev. – Ko‘p narsalarni o‘rganyapmiz, yaxshi tajribalarni ommalashtiramiz. O‘quv- seminar davomida esa Samarqandda yurtingizdagi davlat organlari axborot xizmatlari ishidan yaqindan xabardor bo‘ldik. Yana bir e’tiborli tomoni, Samarqanddagi tarixiy obidalarni tomosha qilish imkoniyati yaratilganidan juda xursandmiz.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari