Axborot-resurs markazi talabalar xizmatida
Andijon davlat chet tillari institutida axborot-resurs markazi foydalanishga topshirildi.
Tadbirda institut rektori Dilshodbek Rustamov, nemis tili nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri, professor Muxtorxon Umarxo‘jayev va boshqalar tomonidan keyingi yillarda mamlakatimizda oliy o‘quv yurtlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ta’lim sifatini oshirish, oliy ma’lumotli malakali mutaxassislar tayyorlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi “Ochiq byudjet” portali “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida ta’mirlanib, ishga tushirilgan axborot-kutubxona markazi 35 ming nusxadan ziyod kitob fondiga ega. Keng, yorug‘ markazda 70 o‘rinli o‘quv zali mavjud, elektron adabiyotlardan foydalanishga mo‘ljallangan zalga o‘ndan ortiq zamonaviy kompyuterlar o‘rnatilgan. Umuman, bu yerda kitobxon talabalar va o‘qituvchilar uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
Axborot-resurs markazida “Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish – buyuk maqsadimizga erishish kafolatidir” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

– Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad talaba va kitobxonlarga markaz, uning imkoniyatlari, mavjud kitob fondi haqida ma’lumotlar berish, – deydi institut axborot-resurs markazi rahbari Nigoraxon Rustamova. – Shuningdek, talaba yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, tafakkur va ma’naviyatini boyitishga ko‘maklashish, ularning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish ko‘zda tutilgan.
Tadbirda kitobning inson, ayniqsa, yoshlar hayoti va kamolotidagi o‘rni, roli, kitob insonning eng yaxshi do‘sti va maslahatchisi, bilim manbai ekanligi, shuningdek, talabalarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini, kitobxonlik madaniyatini, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr hamda mulohazalar bildirildi.
F.Ubaydullayev, Z. Umrzoqov O‘zA.