Axborot hamkorlarimiz nigohida – Yangi O‘zbekiston
Mazkur ruknda O‘zAning xorijiy axborot hamkorlari sahifalarida e’lon qilinayotgan Yangi O‘zbekistonga oid xabarlar, kuzatuv va baholar berib borilmoqda. Bu jarayon nafaqat chet el media vakillari nuqtai nazarini, balki o‘lkamiz haqidagi haqqoniy tashqi qarashlarni ham umumlashtiradi. Shu tariqa mamlakatimizning taraqqiyot yo‘li, ochiq siyosati va islohotlari xalqaro axborot makonida qanday tahlil qilinayotgani haqida muayyan tasavvur hosil qilish mumkin.
Yonhap: Janubiy Koreya va O‘zbekiston savdo, ta’minot zanjiri va qo‘shma loyihalarni muhokama qildi

“Yonhap” axborot agentligi Janubiy Koreya va O‘zbekistonning yuqori darajadagi iqtisodiy mas’ullari ikki tomonlama savdo, ta’minot zanjiri hamda Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi loyihalari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalasini muhokama qilgani haqida xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Janubiy Koreya bosh vaziri o‘rinbosari, moliya vaziri Ku Yun Chxol o‘zbekistonlik hamkasbi Jamshid Xo‘jayev bilan Seulda uchrashgan. Ta’kidlanishicha, 2026-yilning birinchi yarmida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 971 million dollarga yetgan va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,4 foizga oshgan.
Ku Yun Chxol global muhitdagi noaniqlik va sun’iy intellekt innovatsiyalari ta’sirida ta’minot zanjirining qayta shakllanayotgani sharoitida O‘zbekiston Janubiy Koreya uchun muhim strategik iqtisodiy hamkor ekanini bildirgan.
Uchrashuvda sun’iy intellekt ma’lumot markazlari va muhim minerallar sohasida hamkorlikni kengaytirish, Janubiy Koreya kompaniyalari ishtirokidagi qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ham muhokama qilingan. Shuningdek, muloqotda joriy yil sentabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Janubiy Koreya – Markaziy Osiyo sammiti oldidan yirik hamkorlik loyihalarini jadallashtirishga kelishib olingan.
AzerTAJ: O‘zbekiston va Ozarbayjon qo‘shma media va kino loyihalarini amalga oshirmoqda

Ozarbayjonning “AzerTAJ” axborot agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent tayyorlash markazi direktori o‘rinbosari Jahongir Abdurahmonovning intervyusi asosida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida media va kino sohalaridagi hamkorlik haqida xabar berdi.
Qayd etilishicha, Markaz faoliyatining asosiy vazifasi media sohasini tartibga solish emas, balki uni rag‘batlantirish va xalqaro talabga javob beradigan sifatli, xolis kontent tayyorlash uchun sharoit yaratishdan iborat.
Markazning muhim yo‘nalishlaridan biri davlat organlari matbuot xizmati faoliyatini muvofiqlashtirish hisoblanadi. Hozir O‘zbekistonda hududiy tuzilmalardan markaziy vazirlik va idoralargacha qariyb 800 ta matbuot xizmati faoliyat yuritayotgani qayd etilgan.
J.Abdurahmonov o‘z intervyusida yoshlarning blogerlik va jurnalistikaga qiziqishi ortib borayotganini ta’kidlab, Markaz tomonidan zamonaviy media kontent tayyorlashni o‘rgatadigan bepul ta’lim platformalari yaratilayotganini bildirgan.
Trend: Ozarbayjon jurnalistlari O‘zbekistonning media muhiti bilan tanishdi

Ozarbayjonning “Trend” xalqaro axborot agentligi mamlakat jurnalistlarining O‘zbekistonga tashkil etilgan press-turi doirasida Prezident Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent tayyorlash markaziga tashrifi haqida xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, press-turda Ozarbayjonning yetakchi media tashkilotlaridan 20 nafar vakil ishtirok etgan. Jurnalistlar media, ijtimoiy tarmoq va raqamli platformalar uchun kontent tayyorlash, media sohasini rivojlantirish, jurnalistlar malakasini oshirish hamda yurtimizning xalqaro imijini targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishgan.
Shuningdek, 2027-yil 4–5-fevral kunlari poytaxtimizdagi “Uzexpocentre” Milliy ko‘rgazmalar kompaniyasida 50 dan ortiq mamlakatdan kino, televideniye, animatsiya va raqamli media vakillarini birlashtiradigan birinchi yirik xalqaro kontent bozori – “Tashkent Content Market 2027” o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani xabar qilingan.
Tashrif doirasida ikki mamlakat media tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma media loyihalarini amalga oshirish, kasbiy tajriba almashish va axborot kontenti tayyorlash istiqbollari muhokama qilingan.
Sinxua: O‘zbekiston 2027-yildan Xalqaro elektrotexnika komissiyasining to‘laqonli a’zosiga aylanadi

Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi O‘zbekiston 2027-yil 1-yanvardan Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (MEK) to‘laqonli a’zosiga aylanishi haqida xabar berdi.
Agentlikning yozishicha, O‘zbekiston bunday maqomni qo‘lga kiritgan Markaziy Osiyodagi yagona davlat bo‘ladi. To‘laqonli a’zolik mamlakatga xalqaro standartlarni nafaqat qo‘llash, balki tashkilot texnik qo‘mitalari orqali ularni ishlab chiqish va takomillashtirish jarayonlarida bevosita ishtirok etish imkonini beradi.
O‘lkamizning MEK bilan hamkorligi 2015-yilda sheriklik dasturi doirasida boshlangan, 2023-yilda esa mamlakat assotsiatsiyalangan a’zo maqomini olgan.
Tomonlar mutaxassislar tayyorlash, ularning MEK texnik qo‘mitalarida ishtirokini kengaytirish va muvofiqlikni baholash tizimini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishgan. Shuningdek, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, elektrotexnika, energiya samaradorligi va “yashil” energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish salohiyati mavjudligi qayd etilgan.
D.Hakimov, O‘zA