Avval maʼrifat, keyin siyosat
Ochigʻi, kecha yaxshi uxlolmadim. Davlatimiz rahbarining bugungi Murojaatnomasini oʻylab uyqum qochdi.
Davr nafasi
Ochigʻi, kecha yaxshi uxlolmadim. Davlatimiz rahbarining bugungi Murojaatnomasini oʻylab uyqum qochdi. Chunki asriy oʻzgarishlar davrida yashayapmiz. Bu evrilish kimlar va qaysidir sohalar uchun yoʻgʻon choʻzilib, ingichka uzilishiga olib keladi. Boʻlayotgan islohotlarni, bugungi qatʼiy talabni har kim ham hazm qila olmaydi. Ayniqsa, tepsa tebranmaslar, otashin fikrlar bu qulogʻidan kirib, ikkinchi qulogʻidan chiqib ketadiganlarga hech narsa taʼsir qilmaydi.
Xoʻsh, nega uyqum qochdi? Gap shundaki, keyingi paytlarda islohotlarni boshqacha talqin etayotgan, qoʻyilayotgan dadil qadamlarga nisbatan ikkilanib qaralayotgandek kayfiyat paydo boʻla boshladi. Nega shunday boʻlmoqda? Korrupsiyaga qarshi juda jiddiy kurash boshlangan boʻlsa-da, amalda buning samarasini aniq-tiniq his etganimiz yoʻq. Prezident oliy taʼlimdagi korrupsiya haqida gapirib, Iqtisodiyot universitetining eng katta korrupsionerini ishdan olganini, bu yerdagi oʻqituvchilarning 60 foizi attestatsiyadan oʻta olmagani, oddiy savollar qarshisida mum tishlab qolganini aytar ekan, qarang farzandlarimizga shu paytgacha kimlar dars bergan, deya nadomatini bildirdi.
Adashmasam, yurt rahbari xuddi shu odamni uchinchi yo toʻrtinchi marta tilga oldi. Vaholanki, uning ishdan olinishini boshqacha talqin etganlar ham boʻldi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda uning yonini olganlarni ham kuzatdik. Ularni oʻsha rektorning hamtovoqlari deyish mumkin, xolos. Bundaylarga qarshi hammamiz bir boʻlib kurashmas ekanmiz, ertaga sizning, mening ham farzandlarimiz halqumini hamma narsadan ustun qoʻyadiganlarga duch kelishi mumkin. Shu bois Prezidentning bu boradagi tashabbuslarini amaliy jihatdan qoʻllab-quvvatlashimiz shart.
Murojaatnomada oliy taʼlim qabuliga grantdan koʻproq joy ajratish, oʻqiyman, yurt ravnaqiga hissa qoʻshaman, deydigan qizlarga imtiyozlar berish, tahsil muddatini uch yillikka oʻtkazish borasidagi fikrlar bildirilganda, saboq jarayonida talabaga oʻz yoʻnalishidagi fanlarga koʻproq urgʻu berilishi, ortiqcha fanlarga chek qoʻyilishi haqida aytilganda, ishoning, muhtasham zal bir qalqib ketganday boʻldi. Zotan, bu har birimizning dilimizdagi orzu istaklar ifodasi edi.
Murojaatnomada oʻttiz, balki undan ham koʻp yillar davomida aytilmagan yana bir gap tilga olindi. Bu kambagʻallik. Shuning uchunmikan Prezident shu gapni ishlatganda, zalda oʻtirganlar bir-biriga qaradi. Bunday qarashlardan shuncha dardimiz bor ediyu, lekin uni aytishga hech kim jurʼat qilolmagan edi, degan fikrni anglash mumkin. Qishloq hayotini yaxshi bilamiz: zoʻrgʻa kun koʻrayotganlar, bir tayinli ishi yoʻq, ammo umidvor yashayotganlar hamma qishloqdayam bor. Ular nega shu paytgacha hech kimning xayoliga kelmagan? Yillar davomida har yili 900 ming, bir million ishchi oʻrni yaratildi, deb hammani aldab kelganlar qayoqqa qaragan edi? Shukrki, qorni toʻq bilan qorni ochning nima ishi bor, degan zamonlar oʻtdi. Bugun rostini aytadigan, isitma chiqmasdan oldin dardni aniqlash va bartaraf etadigan fursat yetdi. Tabiiyki, bu borada tegishli dasturlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etiladi. Ammo hamma gap ana shu “tatbiq“da. Bunga vijdonan yondashilmas ekan, gaplar quruq, ishonchlar soʻniqligicha qolib ketaveradi. Yaʼni, soddaroq qilib aytsak, masalan, bir maktab binosini tiklash uchun uning poydevoriga 100 tonna sement ketadigan boʻlsa, shuning teng yarmini sotib, oʻrniga tuproq, loyni aralashtirib ish qiladigan, kimlarningdir halol va mashaqqatli mehnati evaziga oʻzining qornini oʻylaydiganlarni bu jarayonga mutlaqo yaqinlashtirmaslik kerak.
Afsuski, hamma oʻgʻirlik qurilishda. Pudratchi+buyurtmachi+quruvchi=koʻzboʻyamachilik holatlariga nafaqat chek qoʻyish, balki bundaylarning ildiziga oʻt qoʻyish darkor. Agar shunday qilinsa, odamlar quriladigan uylar sifatidan shikoyat qilmaydi, foydalanishga topshirilgan bogʻcha va maktablar yil oʻtmay yorilib ketmaydi.
Umuman, Murojaatnomadagi har bir masala odamni hayajonlantirdi, oʻylantirdi, quvontirdi, iztirobga soldi. Ayniqsa, 2020-yilga “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili“ deb nom berilishi juda-juda maʼqul boʻldi. Boshqalarni bilmadim, bu men uchun “Avval iqtisod, keyin siyosat“ degan naqlni oʻzgartirib “Avval maʼrifat, keyin siyosat“ deyishga undadi. Zero, ilm olmay turib, boshqa maqsadlar haqida oʻylash qiyin.
Dunyoda mamlakatlar koʻp. Ularda siyosatparvar siyosat bor, iqtisodparvar siyosat bor. Sizu bizning ichimiz, dilimizdagini boricha koʻrsatib, ertangi hayotimizni farovon etishga aniq dastur boʻlgan Murojaatnomani eshitib, uning jonkuyar tashabbuskori siyosatini insonparvar siyosat demaslik mumkin emas.
Maqsud JONIXONOV,
“Jamiyat” gazetasi Bosh muharriri.