Avtomobilsozlik sanoati rivojlanmoqda
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Xitoy Xalq Respublikasining yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri – “Zhejiang Leapmotor Technology Co., Ltd.” kompaniyasi vitse-prezidenti Ley Ming boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Buxoro viloyatining iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, unda “Zhejiang Leapmotor Technology Co., Ltd.” kompaniyasi ishtirokida viloyatda zamonaviy avtomobil ishlab chiqarish quvvatlarini bosqichma-bosqich tashkil etish loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi. Loyihaga ko‘ra, B10, B10L, A10, C01 va C16 rusumli avtomobillarni ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, bu orqali hududda yangi industrial tarmoq shakllantirilishi kutilmoqda.

Ahamiyatli jihati shundaki, loyiha doirasida avtomobil butlovchi qismlarini mahalliylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, bamperlar, o‘rindiqlar, oynalar, eshik qoplamalari, shinalar, orqa ko‘rinish ko‘zgulari, simlar jamlanmasi, akkumulyatorlar, asboblar paneli, torpeda qismi va yoritish uskunalarini mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu esa import hajmini qisqartirish, mahalliy korxonalar o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish va qo‘shilgan qiymatni oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, ushbu loyiha Buxoro viloyatini Markaziy Osiyodagi avtomobilsozlik va logistika markazlaridan biriga aylantirishni maqsad qilgan. Bu esa nafaqat ichki bozor ehtiyojini qondirish, balki qo‘shni davlatlar bozoriga chiqish imkoniyatlarini ham kengaytiradi.
Ish o‘rinlari yaratish borasidagi rejaga asosan, 2026-yilda 200 ta, 2028-yilda 1000 ta va 2031-yilga borib 3000 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa aholi bandligini ta’minlash va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kadrlar tayyorlash masalasi ham e’tibordan chetda qolmagan. Loyiha doirasida Buxoro davlat texnika universiteti, Toshkent shahridagi INHA universiteti, Axborot texnologiyalari universiteti hamda Turin politexnika universiteti bilan hamkorlik o‘rnatish rejalashtirilgan. Bu orqali zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega muhandis va texnik mutaxassislar tayyorlanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ley Ming Xitoy avtomobil sanoatida xalqaro bozorlar, eksport va tashqi iqtisodiy aloqalar yo‘nalishida katta tajribaga ega rahbarlardan biri hisoblanadi. U kompaniyada moliyaviy rejalashtirish, banklar bilan hamkorlik va brendni rivojlantirish strategiyalarini muvofiqlashtirishda faol ishtirok etib kelmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani amalga oshirishni yanada jadallashtirish, investitsiya jarayonlarini tezlashtirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Mazkur loyiha Buxoro viloyatining sanoat salohiyatini yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro investitsiyalarni jalb qilish va hududni zamonaviy avtomobilsozlik markaziga aylantirish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi. Shu bilan birga, bu tashabbus mamlakat iqtisodiyotining diversifikatsiyasi va eksport salohiyatini oshirishga ham salmoqli hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.