Avtomobil transportida yo‘lovchi tashish faoliyati tartibga solinadi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Avtomobil transportida yo‘lovchi tashish faoliyatini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, tashuvchilarga mijozlarni izlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi agregatorlar faoliyati uchun quyidagi qo‘shimcha talab va shartlar belgilanadi:
xizmatlarni faqat tegishli litsenziya varaqasiga ega bo‘lgan tashuvchilarga ko‘rsatish va buyurtmalarni tashuvchining litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan hamda unga tutash hududlarda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) qabul qilinishini ta’minlash;
elektron fiskal chek ma’lumotlarini shakllantirish bo‘yicha soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan elektron platformaga ega bo‘lish;
agregatorlar axborot tizimlarini Transport vazirligi hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligining tegishli axborot tizimlariga integratsiya qilish.
Ushbu banddagi talab va shartlar Vazirlar Mahkamasining “Transport xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali ko‘rish va harakatlanish bilan bog‘liq kasalliklarga chalingan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ta’lim olish sharoitlarini yaxshilash to‘g‘risida” 2025 yil 28 fevraldagi 132-son qaroriga muvofiq joriy etilgan agregatorlarning ijtimoiy ahamiyatga ega transport xizmatini ko‘rsatish faoliyatiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilarga:
yo‘lovchilarni olish va tushirish maqsadida “To‘xtash taqiqlangan” yo‘l belgisi amal qilish hududida, shu jumladan, aeroport va vokzallarga tutash hududlarda to‘xtash;
aeroportlar, temir yo‘l vokzallari, avtovokzallar, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan qurilish mollari, dehqon va buyum bozorlari hamda savdo majmualarining pulli to‘xtash joylariga yo‘lovchilarni olish va tushirish uchun bepul kirish;
yo‘nalishli transport vositalari uchun ajratilgan maxsus harakatlanish yo‘lagi bo‘ylab harakatlanish huquqi beriladi.
Qaror bilan:
Yo‘nalishsiz taksi faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi nizom;
Avtomobil transportida yo‘lovchilarni buyurtma asosida tashish qoidalari tasdiqlandi.
2025 yil 15 apreldan 2026 yil yakuniga qadar eksperiment tariqasida Toshkent shaxrida turlari Transport vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan, haydovchidan tashqari to‘rttadan ortiq va sakkiztadan ko‘p bo‘lmagan o‘rindiqlarga hamda yuqori qulayliklarga ega avtotransport vositalarida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan yo‘nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi.
O‘zA