Avstriya bilan hamkorlikda turizm sohasi uchun yetuk mutaxassislar tayyorlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, Buxoro davlat universiteti, Namangan davlat texnika universiteti mas’ullaridan iborat ishchi guruh Avstriyaning Vena va Krems shaharlarida muhim kelishuvlarga erishdi.
Venada Buxoro davlat universiteti va Namangan davlat texnika universitetlarida Krems universiteti (IMC) bilan hamkorlikda turizm va mehmonxona boshqaruvi yo‘nalishida qo‘shma fakultetlarni ochish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatildi.

Ushbu dastur “3+1” formatida joriy etilib, bunda yuqorida ko‘rsatilgan oliy ta’lim muassasalarida uch yil o‘qigan talabalar bir yil Krems universitetida o‘qishini davom ettirib, Xalqaro turizm bakalavri diplomiga ega bo‘ladi.
Avstriya tajribasi asosida Buxoro turizm va madaniy meros texnikumi hamda Namanganning Chortoq tumani 1-son texnikumi negizida dual ta’lim dasturlari joriy etiladigan Xalqaro mehmonxona boshqaruvi maktablari tashkil etiladi.
Mazkur dastur “2+2” formatida joriy etilib, birinchi bosqichda talabalar ikki yil kasbiy ta’limdan so‘ng turizm yo‘nalishida o‘qitilib, Krems universitetining turizm bo‘yicha diplomiga ega bo‘ladi. Ikkinchi bosqichda bakalavr diplomiga ega bo‘lgan talabalar ikki semestr mehmonxona va gastronomiya yo‘nalishida o‘qitilib, Krems universitetining mehmonxona boshqaruvi diplomiga ega bo‘ladi.

Avstriyaning Zommering tog‘-chang‘i kurort hududida O‘zbekistondan 10 nafar turizm sohasi mutaxassislari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kursi tashkil qilinadi.
O‘quv kursi yakunida ishtirokchilar Avstriya turizm maktablari va Xalqaro turizm akademiyasi sertifikatlariga ega bo‘ladi.
Joriy yilning oktabr oyida Buxoro shahrida turizm bo‘yicha xalqaro simpozium o‘tkaziladi. Uning doirasida Avstriya mumtoz musiqasiga bag‘ishlangan madaniy tadbir tashkil etiladi.
Hozirda Krems universiteti, Buxoro davlat universiteti hamda Namangan davlat texnika universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning dastlabki amaliy bosqichlari boshlandi.
Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida may oyida Avstriya delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida yangi bosqichdagi hamkorlik shartnomasi imzolanadi.
N.Abduraimova,
O‘zA