Avstriya bilan hamkorlik rivojlanadi
Samarqand shahrida Avstriya Respublikasi va Samarqand viloyati ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum oʻtkazildi.
Samarqand shahrida Avstriya Respublikasi va Samarqand viloyati ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum oʻtkazildi.
Biznes-forum avvalida Samarqand viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari J.Oʻroqov va Avstriya federal iqtisod palatasi boshligʻi Rixard Shens Oʻzbekiston va Avstriya oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan iqtisodiy hamkorlik samaralari, ikki davlat ishbilarmonlari uchun yaratilgan imkoniyat va qulayliklar haqida maʼlumot berdi. Tadbirkorlarni ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanishga daʼvat etdi.
Samarqand viloyatining iqtisodiy salohiyati, mavjud resurslar toʻgʻrisidagi taqdimot namoyish etildi. Shundan soʻng Avstriyadan kelgan 30 dan ortiq kompaniya vakillari qurilish, turizm, neft-kimyo, goʻsht va sutni qayta ishlash, temir yoʻl, isitish va sovutish tizimlari, avtomobillar uchun ehtiyot qismlar tayyorlash, qogʻoz ishlab chiqarish, gidroelektr stansiyalari uchun uskunalar, kanalizatsiya va chiqindilarni tozalash va qayta ishlash, tibbiyot va boshqa yoʻnalishlarda hamkorlik qilish uchun oʻz xizmatlarini taklif etdi.
– Biz oqova suvlarni tozalab, yana isteʼmolga yaroqli holga keltirish, oqova suv jihozlarini yangilash, aholi punktlari va togʻli hududlarda suvoqova tizimlari qurish bilan shugʻullanamiz, – deydi Avstriyaning WABAG kompaniyasi vakili Tomas Rashke. – Chiqindidan briket tayyorlash, metan gaz ishlab chiqarib, generatorlar yordamida hech qanday stansiyasiz elektr energiyasi ishlab chiqarish ham faoliyatimizning asosi hisoblanadi. Samarqandlik ishbilarmonlar kompaniyamiz faoliyatiga katta qiziqish bildirdi. Kelgusida bu borada hamkorlikni yoʻlga qoʻyish niyatidamiz.
Forum davomida Avstriya kompaniyalari vakillari va viloyatning 40 ga yaqin ishbilarmonlari ishtirokida B2B va G2B formatida uchrashuvlar oʻtkazildi, muhim kelishuvlarga erishildi.
Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda Samarqand viloyatida Avstriya tadbirkorlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan 7 qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda.