“Audit va sport birligi” musobaqalari o‘tkazildi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Sport vazirligi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan “Audit va sport birligi” shiori ostida shaxmat, armrestling, stol tennisi, darts sport turlari hamda “Arqon tortish” bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.
Bahslarda 30 dan ortiq davlatlarning audit tashkilotlari vakillari qatnashdi. Dastlab ishtirokchilar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan “Olimpiya shaharchasi” infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdi.

Musobaqaning ochilish marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Mehriddin Abdullayev, sport vaziri Adham Ikromov audit sohasi xodimlari nafaqat moliyaviy intizom va shaffoflikni ta’minlash, balki jismonan faol, ma’nan barqaror va jamoaviy hamjihatlikka ega mutaxassis sifatida ham namoyon bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

Aytish lozim, “Audit va sport birligi” shiori ostida o‘tgan ommaviy sport tadbirlarida qatnashgan xorijlik mutaxassislar ayni kunlarda Toshkentda tashkil etilayotgan “Audit jarayonlarini raqamlashtirish va katta hajmli ma’lumotlarni sun’iy intellekt orqali tahlil qilish” mavzusidagi xalqaro konferensiyada qatnashmoqda.

Salomatlik musobaqalarida faollik ko‘rsatganlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA