Atrof-muhit muhofazasiga oid kelishuv
Atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash, toza ichimlik suvini asrash butun insoniyat oldidagi eng dolzarb masalalardan biriga aylanib bormoqda. Bu borada qator choralar ko‘rilmoqda, chegaradosh hamda mintaqa davlatlari o‘rtasida turli kelishuvlar tuzilmoqda.
Yaqinda O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov Dushanbe shahrida Tojikiston hukumati huzuridagi atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Bahodur Sheralizoda bilan uchrashdi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv davomida tomonlar ikki mamlakatning muhofaza etiladigan tabiiy hududlarida ekotizim xizmatlari bo‘yicha tajriba almashish, biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish sohasida hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi. Tojik tomonining Sirdaryo suvining sifati bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh faoliyatida rasmiy ishtirok etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Chiqindilarni boshqarish sohasida me’yoriy hujjatlar va huquqiy bilimlarni takomillashtirish bo‘yicha tajriba almashish masalalari xususida fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha ikki davlat qo‘mitalarining tegishli ekspertlar uchrashuvlarini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA