Atrof-muhit muhofazasi sog‘lom hayotga xizmat qiladi
Navoiy viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi tomonidan viloyat hokimligi Axborot xizmati hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida press-tur va matbuot anjumani tashkil etildi.
Dastlab OAV vakillari sanoat korxonalarida atmosfera havosiga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar ustidan nazorat qilish tizimi bilan yaqindan tanishdilar. Ishtirokchilar atmosfera havosiga chiqarilayotgan tashlamalarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalarining ishlash jarayoni, ularning ekologik nazoratdagi ahamiyati hamda havo sifatini kuzatish imkoniyatlarini ko‘zdan kechirdi.
Bugungi kunda Navoiy viloyatida atmosfera havosi holatini kuzatish maqsadida jami 104 ta qurilma - 13 ta avtomatik monitoring stansiyasi va 91 ta avtomatik statsionar kuzatuv posti o‘rnatilgan.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi va “Zamin” xalqaro jamoat fondi tomonidan Navoiy shahrida havo monitoringi avtomatik stansiyasi ishga tushirilgan.
- Bu “Atmosfera havosining ifloslanishi monitoringini avtomatlashtirish” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, shahar atrofida atmosfera havosi sifatini kompleks kuzatishga xizmat qiladigan havo monitoringi stansiyalaridan iborat “halqa” hisoblanadi, - deydi bosh boshqarmaning “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish va atmosfera havosini muhofaza qilishni ta’minlash sho‘’basi boshlig‘i Po‘lat Asanov. - Ma’lumotlar kunning aniq vaqtlarida, mavsum va meteorologik sharoitga qarab ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasining umumiy holati va tendensiyalarini baholashga imkon beradi. Shuningdek, “halqa” bo‘ylab monitoring tizimi shaharning qaysi hududlari zararli moddalardan ko‘proq ta’sirlanishi mumkinligini prognoz qilish imkonini yaratadi. Avtomatik stansiyalardan olingan ma’lumotlarni tahlil qilish shaharsozlik tadbirlarini rejalashtirish va ekologik vaziyatni yaxshilash strategiyasini ishlab chiqish uchun muhim hisoblanadi.
Bugungi kunda shahar hududida joylashgan “GIDRO STANKO SERVIS” MCHJ metallni qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanadi. Atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha 1-toifaga mansub korxona hisoblanadi. Hozirda Vazirlar Mahkamasining 11-noyabr 2024-yildagi “Sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z hududida avtomatik fon monitoring stansiya o‘rnatgan. Stansiya Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi geoaxborotlar bazasiga integratsiya qilingan.
Press-tur so‘nggida tashkil etilgan matbuot anjumanida bosh boshqarma boshlig‘i Sherali G‘ofurov 2026-yilning 9 oyi davomida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish, havo va suv sifatini nazorat qilish, chiqindilarni boshqarish hamda hududlarni ko‘kalamzorlashtirish yo‘nalishlarida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
- Atmosfera havosini muhofaza qilish maqsadida esa “Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bilan hamkorlikda ikki bosqichda ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazildi, - dedi Sh. G‘ofurov. – Shuningdek, sanoat korxonalarida ham havo ifloslanishining oldini olish choralari ko‘rildi. Jumladan, 6 ta korxona tomonidan 20 dona chang-gaz tozalash uskunasi o‘rnatildi, yana 3 dona uskuna modernizatsiya qilindi. Viloyatda I va II toifadagi sanoat korxonalari hamda ularning sanitariya-himoya hududlarida atmosfera havosi holatini kuzatish uchun 13 ta avtomatik monitoring stansiyasi va 91 ta avtomatik statsionar kuzatuv posti o‘rnatilgan. Ular Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilingan.
Viloyatda oqova suvlarni tozalash va suv resurslarini muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Atrof-muhitga yuqori va o‘rta ta’sir ko‘rsatuvchi 7 ta sanoat korxonasida mahalliy tozalash inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish dasturi shakllantirilgan. Viloyatda faoliyat yuritayotgan 131 ta avtomobil yuvish shoxobchasida ekologik talablarga rioya etilishi nazoratga olingan. Bugungi kunda 91 ta o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi, ya’ni kontaktsiz avtomobil yuvish shoxobchasi joriy etilgan.
Hozirda viloyatda chiqindilarni qayta ishlashga ixtisoslashgan 9 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Ularning 6 tasi polimer mahsulotlari, 3 tasi qog‘oz va karton chiqindilarini qayta ishlaydi.
Hisobot davrida ushbu korxonalar tomonidan jami 2551 tonna chiqindi qayta ishlandi. Chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketish tizimini yaxshilash maqsadida yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan 2910 ta chiqindi qutisi o‘rnatildi. Viloyatdagi 104 ta chiqindi yig‘ish maydonchasidan 65 tasi videokuzatuv tizimlari bilan jihozlandi. Maxsus chiqindi tashuvchi texnikalar harakatini nazorat qilish uchun 48 ta kamera xarid qilindi.
Shuningdek, 21 ta zamonaviy chiqindi yig‘ish maydonchasi qurilib, sanitar tozalash korxonalari tomonidan 10 ta maxsus texnika xarid qilindi. Aholi xonadonlaridan maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqishni yaxshilash uchun mahalliy byudjetdan 300 million so‘m ajratilib, 6 ta motoroller sotib olindi.
[gallery-32189]
Bugungi kunda Navoiy viloyatida ko‘kalamzorlashtirish va yashil hududlarni kengaytirish ishlari izchil davom etmoqda. 2026-yil bahor mavsumida viloyat bo‘yicha 5 million 171 ming tup manzarali va mevali daraxt hamda buta ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan edi. Amalda elektron platformaga 5 million 436 ming tup ko‘chat haqidagi ma’lumotlar kiritildi. Joriy yilning kuz mavsumida esa 9 million 501 ming manzarali va mevali daraxt va buta ko‘chatlari ekish belgilangan.
Matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari