“Atom-2050": Bugungi yoshlar - ertangi mutaxassislar
Atom energetikasining kelajagi zamonaviy texnologiyalar bilan bir qatorda, malakali mutaxassislar va yosh avlodning salohiyatiga ham bog‘liq.
Shu bois Markaziy Osiyo mamlakatlarida sohani rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalarni muhokama qilish maqsadida Toshkentda “Markaziy Osiyo. Atom-2050” xalqaro sessiyasi tashkil etildi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan 500 ga yaqin yoshni birlashtirdi. Sessiyada ishtirokchilar mintaqaning atom sanoati va energetika sohasi vakillari bilan muloqot qilib, kelajak mutaxassislarini tayyorlash, yoshlarni sohaga jalb etish va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoqilg‘i-energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi Behzod Normatov, “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov va “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev so‘zga chiqib, atom energetikasini rivojlantirishda inson kapitali, yoshlarning ishtiroki va mutaxassislar tayyorlash tizimining ahamiyatini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, Jizzax viloyatida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini barpo etish mamlakatda yangi texnologik yo‘nalishni rivojlantirishga xizmat qiladi. Bunday loyihalarni amalga oshirish uchun muhandislar va boshqa malakali mutaxassislarni tayyorlash, ilmiy salohiyatni mustahkamlash hamda xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish zarur.
Zamonaviy stansiya qurish esa keng ko‘lamli vazifa. Ammo uni ishlatadigan, xavfsizligini ta’minlaydigan, texnologiyalarni rivojlantiradigan va bilimlarni keyingi avlodga yetkazadigan mutaxassislarni tayyorlash ham bundan kam ahamiyatga ega emas. Aynan shuning uchun kadrlar tayyorlash butun loyiha muvaffaqiyatining asosiy shartlaridan biri.
Atom sanoatida inson salohiyatining o‘rni haqida so‘z yuritar ekan, Aleksey Lixachyov yoshlarning fikrlarini bilish va ularning manfaatlarini kelgusi rejalarda hisobga olish muhimligini aytib o‘tdi.

- Yoshlarning qarashlarini eshitish biz uchun juda muhim. Bugun yirik dasturlarni shakllantirar ekanmiz, sizning manfaatlaringizdan kelib chiqishimiz shart. Zero 20-30 yildan keyin aynan siz ushbu ob’ektlarda ishlaysiz va ularni oldinga siljitasiz. Atom stansiyalariga shunchaki tayyorlangan mutaxassislar emas, balki o‘z mamlakatlari va atom texnologiyalari rivojining drayveriga aylanishga tayyor bo‘lgan hamfikrlar kelishi muhim, - deya qayd etdi Aleksey Lixachyov.
“O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev ham yoshlarning tashabbuslari va mustaqil fikrlashi soha uchun muhim ekanini ta’kidlab, ta’lim jarayonini amaliy tajriba bilan bog‘lash zarurligiga e’tibor qaratdi.
- Men talabalarning qarashlari va nostandart fikrlashiga to‘liq qo‘shilaman. Bu juda ilhomlantiradi. Biz amalga oshirayotgan ulkan loyiha yoshlar o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqaradigan, o‘zini bu sohaga haqiqatan ham kerakligini his qiladigan hamda uning rivojlanishiga hissa qo‘shadigan maydonga aylanishi uchun ta’limdan amaliyotga o‘tish tizimini jiddiy yo‘lga qo‘yishimiz kerak, - dedi u.
Sessiya “Impact Team 2050” tashabbusi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, Markaziy Osiyoda Xalqaro yoshlar maslahat kengashi ishtirokida o‘tkazilgan bunday formatdagi birinchi ochiq uchrashuv hisoblanadi. Uning asosiy maqsadi mintaqa yoshlarining 2050-yilgacha atom texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha umumiy qarashlarini shakllantirish, sohaga kirib kelishdagi to‘siqlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqishga qaratilgan.
O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘izistonda o‘tkazilgan milliy muloqotlar natijalariga asoslangan taqdimotda yoshlarning atom sanoatiga kirib kelish haqidagi qarashlari tahlil qilindi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari, ish beruvchilar va davlat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, talabalarni o‘qish davridanoq amaliy faoliyatga jalb etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Yoshlar bildirgan fikrlar soha rahbarlari bilan keyingi muloqotlar uchun muhim asos bo‘lib xizmat qildi.
“Markaziy Osiyo. Atom-2050” sessiyasi to‘rt mamlakat yoshlari va atom sanoati vakillarini yagona muloqot maydonida birlashtirdi. Uchrashuvda mutaxassislar tayyorlash, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Bunday muloqotlar mintaqada atom texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha umumiy qarashlarni shakllantirish va kelajak avlod mutaxassislari uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA