Asosli tanqid muammo yechimini osonlashtiradi
Navoiy viloyati hokimligida axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi bilan hamkorligida matbuot kotiblari, shuningdek, jurnalistlar ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.
Navoiy viloyati hokimligida axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi bilan hamkorligida matbuot kotiblari, shuningdek, jurnalistlar ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.
Anjumanda davlatimiz rahbarining joriy yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi xususida toʻxtalib oʻtildi. Qaror ijrosi yuzasidan joylarda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, viloyatdagi koʻplab davlat tashkilotlarida matbuot xizmatlari masalasi bugungacha hal etilmagani tezkor va xolis axborotni aholiga oʻz vaqtida yetkazishda muammolar keltirib chiqarayotganligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda soʻnggi bir-ikki oyda ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida Navoiy viloyati boʻyicha 60 ta turli mavzudagi material eʼlon qilingani aytildi. Ularning 31 tasi tanqidiy mazmunda. Tanqidlarning 50 foizi esa noxolis. Achinarlisi, asosli tanqid qilingan mavzularning bor-yoʻgʻi 2 tasiga munosabat bildirilgan, xolos.
Muhokamalar davomida viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshligʻi Baxtiyor Toshnazarov, “Doʻstlik bayrogʻi” va “ Znamya drujbы” gazetalari bosh muharriri Bektemir Pirnafasov va boshqalar soʻzga chiqib, kun tartibidagi masala yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.
Viloyat xalq taʼlimi, madaniyat va sport ishlari boshqarmalari, viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazida matbuot kotiblari faoliyat koʻrsatmaydi. Vaholanki, tanqidiy materiallar, afsuski, ijtimoiy sohalar bilan bogʻliq boʻlmoqda.
Viloyat hokimi matbuot kotibi markaziy bosma nashrlardagi chiqishlarga ham ahamiyat qaratdi. Mutasaddi idoralar tomonidan jurnalistlarga amalga oshirilayotgan yirik loyihalar xususida ishonchli maʼlumotlar oʻz vaqtida taqdim etilmayapti. Oqibatda viloyatda amalga oshirilayotgan muhim oʻzgarishlar xususida maqolalar markaziy OAVda deyarli yoritilmayapti.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi faoliyatini yanada jonlantirish zarurligiga urgʻu berilib, yoshlar ijodiy toʻgaraklari faoliyati oʻz holatiga tashlab qoʻyilganiga eʼtiroz bildirildi.